Nukus garnizonidagi Safarbarlik chaqiruvi rezervi (SCHR) batalonida bir oylik boshlang‘ich harbiy tayyorgarlikni o‘tagan qoraqalpog‘istonlik 500 nafarga yaqin yoshlar Vatanga qasamyod qabul qilishdi.

Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga xabar berdi.

Harbiycha an’analarga asoslanib o‘tkazilgan marosimda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etdi. Joriy etilgan karantin choralari sabab, ona yurtga sadoqatli bo‘lishga ont ichgan o‘g‘lonlarning ota-onalari va yaqinlarining ishtiroki cheklandi.

So‘zga chiqqanlar yigit kishi hayotida bir marotaba bo‘ladigan mana shunday marosimda turgan barchani muborakbod etib, Vatanga qasamyod qilganidek yurtga sodiq, vatanparvar, yurtsevar bo‘lishlarini tiladi.

Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi, harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari yig‘ilganlarning bayramona kayfiyatini ko‘tardi.