Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori tashabbusi bilan Xo‘jayli tumanidagi 1-sonli “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari uchun tadbir tashkil etildi.

Ta’kidlash joizki, “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasining doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Tadbir ishtirokchilari bu yerda yaratilgan sharoitlar va ta’lim-tarbiya jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

Bayram arafasida  110 nafar tarbiyalanuvchiga qishki kiyim-kechak sovg‘a qilingan bo‘lsa, 2020-2021 o‘quv yilida oliy o‘quv yurtlariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan 25 nafar tarbiyalanuvchiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri nomidan “Tashakkurnoma” tantanali ravishda topshirildi.

Bundan tashqari, “Mehribonlik uyi”da tarbiyalanib, hozirda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetiga o‘qishga kirgan 14 nafar talabaga davlat tomonidan beriladigan oziq-ovqat, shaxsiy gigiyena vositalari, kiyim-kechak, yo‘lkira haqi va stipendiya uchun jami 37 million 426 ming so‘mlik pul mablag‘i to‘lig‘i bilan to‘lab berilishi va ushbu talabalarning o‘qish maskani yotoqxonasiga  joylashtirilishi ta’minlandi.

Kelgusida bolalarni sog‘lom ruhda tarbiyalash, o‘zlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, jamiyatda faol ishtirok etishda ko‘maklashadigan to‘liq va munosib sharoitlarda tarbiyalanishlariga qaratilgan bunday tadbirlar ko‘plab o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA