Energetika vazirligi tizimidagi “Milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan e’lon qilingan bir qator nominatsiyalar bo‘yicha ko‘rik-tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahri va viloyatlarda mehnat qilayotgan mutaxassis, ishchi va xodimlar ishtirok etgan tadbirda “Milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov va boshqalar ishlab chiqarish samaradorligi va unumdorligini oshirish, ratsionalizatorlik va ixtirochilik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda bu kabi tanlovlar muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Aksiyadorlik jamiyati ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yuqori kuchlanishli magistral elektr tarmoqlari hamda podstansiyalar orqali hududiy taqsimlovchi elektr korxonalariga uzatish kabi bir qator vazifalarga mas’ul tashkilot hisoblanadi. Uning tarkibida 14 ta hududiy magistral elektr tarmoq, 2 ta «Energo-IT» va «Magistral elektr tarmoq qurilish» filiali, 1 ta «O‘zenergoinjiniring» AJ loyihalash instituti, 2 ta «Energomaxsusavto» MCHJ (transport) va «Gridcon» MCHJ (qurilish) korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugun kunda ushbu korxonalarda 5 ming nafarga yaqin mutaxassis hamda ishchi-xodim mehnat qiladi.

O‘tkazilgan ko‘rik-tanlov esa tizim jamoasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda katta ahamiyatga ega. Tanlovda 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar va yutuqlar hay’at tomonidan baholanib, “Yilning eng yaxshi filiali”, “Yilning eng yaxshi podstansiyasi”, “Eng yaxshi yuqori kuchlanishli havo tarmoqlari xizmati”, “Yilning eng yaxshi dispetcherlik xodimi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi va munosib taqdirlandi.

– “Toshkent-5” podstansiyada 2011 yildan buyon ishlab kelmoqdaman, – dedi ushbu podstansiya boshlig‘i Manap Bimurzayev. – Bugun mening kamtarona mehnatim e’tirof etilib, “Yilning eng yaxshi podstansiya mutaxassisi” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘ringa loyiq ko‘rilganidan xursandman. Bunday e’zoz uchun rahbariyatga minnatdorlik bildiraman. Ochig‘i, o‘z ishim, kasbimni yaxshi ko‘raman. Maqsadim ona Vatanimga xizmat qilishdir.

– «O‘zbekiston MET» AJ va uning filiallari issiqlik elektr stansiyalari va gidroelektr stansiyalaridan elektr energiyani hududiy elektr tarmoqlariga yetkazib berishda asosiy bo‘g‘in hisoblanadi, – dedi «O‘zbekiston MET» AJ tarkibidagi «Farg‘ona magistral elektr tarmoqlari» filialining “O‘zgarish” podstansiyasi boshlig‘i Umidjon Baratov. – 220-110 kVli “O‘zgarish” podstansiyamiz “Yilning eng yaxshi podstansiyasi” nominatsiyasi bo‘yicha faxrli ikkinchi o‘rinni oldi. Bu men va jamoamiz uchun katta rag‘bat. Bunday e’tibor bizni kelgusida ulkan marralarga undaydi.

– Tanlovda “Yilning eng yaxshi podstansiya xizmati (guruhi)” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘ldik. Asosiy vazifamiz Toshkent shahridagi 220 kV li podstansiyalarga xizmat ko‘rsatishdir. Shu bilan birga, elektr energiyani o‘z vaqtida iste’molchilarga berish va podstansiyalardagi barcha elektr qurilmalarni kapital va joriy ta’mirlaydi. Muhimi, joriy yilda reja bo‘yicha oldimizga qo‘yilgan vazifalarni yuz foizga bajardik. Bu yil “Qo‘yliq” podstansiyasida ikkita yangi transformator almashtirilgan bo‘lsa, ayni kunlarda ”Yuksak” podstansiyasida yangi test tizimiga o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda, – dedi «Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari» filiali podstansiya xizmati boshlig‘i Bahromjon Rustamov.

 

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA