O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomani taqdim etdi.

Poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat tashkilotlari rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Murojaatnoma 15 ta telekanal orqali jonli efirda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida onlayn yoritib borildi.

Mamlakatimiz siyosiy hayotidagi eng muhim voqea bo‘lgan ushbu tadbir 2017 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda. Unda tugayotgan yildagi asosiy ko‘rsatkichlar, yangi yilga mo‘ljallangan maqsad va vazifalar e’lon qilinadi. Shu bois xalqimiz bu tadbirni katta qiziqish bilan kutadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu galgi Murojaatnoma o‘tgan yillardan farqli ravishda, murakkab davrga to‘g‘ri kelganini ta’kidladi. 2020 yilda koronavirus pandemiyasi butun insoniyatni jiddiy sinovdan o‘tkazdi. Bunday ko‘lamdagi ofat jahonda so‘nggi yuz yilda ro‘y bermagani, qanchalab insonlar qurbon bo‘lib, millionlab ish o‘rinlari yo‘qotilgani, mamlakatlar iqtisodiyoti katta qiyinchiliklarga duch kelgani qayd etildi.

Afsuski, bu falokat butun insoniyat qatori xalqimiz uchun ham kutilmagan tashvish va murakkab muammolarni keltirib chiqardi. Buxoro va Sardobada yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlar ham el-yurtimizning bukilmas irodasini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi.

Xalqimiz bu sinovlar oldida sarosimaga tushmadi, fidokorona mehnati va matonati, aholi va davlat organlarining hamjihatlikdagi sa’y-harakatlari tufayli barcha qiyinchiliklarni mardona yengib o‘tmoqda.

Davlatimiz rahbari pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab butun boshqaruv tizimi favqulodda ish rejimiga o‘tkazilgani, qisqa muddatda pandemiya oqibatlarini yumshatish va bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshirilganini ta’kidladi.

Jumladan, Inqirozga qarshi jamg‘arma tashkil etilib, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida o‘z vaqtida ko‘rilgan tezkor va tizimli chora-tadbirlar natijasida ushbu kasallikning keng tarqalishiga yo‘l qo‘yilmadi. Yurtimizda osoyishta hayot ta’minlanib, barqaror iqtisodiy rivojlanish davom etayotgani qayd etildi.

Prezidentimiz karantin talablariga rioya qilib yashagan va mehnat qilgan olijanob xalqimizga, o‘ta xavfli virus bilan kechayu kunduz mardona kurashgan jonkuyar shifokorlarga, qiyin damda yordamga muhtoj aholiga ko‘mak bergan tadbirkorlar, xorijiy hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.

Ma’lumki, Prezidentimiz taklifi bilan 2020 yil mamlakatimizda Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e’lon qilingan edi. Bu boradagi Davlat dasturiga muvofiq, yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha barcha sohalarda islohotlar qat’iy davom ettirildi.

Jumladan, bu yilgi sinovlarga qaramasdan, O‘zbekiston dunyoning sanoqli davlatlari qatori ijobiy o‘sish sur’atlarini saqlab qoldi.

Murojaatnomada davlatimiz rahbari bu haqda alohida to‘xtalib o‘tdi.

Joriy yilda mamlakatimizda 197 ta yirik, minglab kichik va o‘rta korxonalar, infratuzilma ob’ektlari barpo etildi. Birgina energetika sohasida xorijiy investorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida umumiy quvvati 2 ming 700 megavatt bo‘lgan 6 ta yangi elektr stansiyasini barpo etish boshlandi. Toshkent shahrida 2 ta yangi metro stansiyasi, 18 kilometrlik yer usti metrosi foydalanishga topshirildi.

Qishloq xo‘jaligida chuqur islohotlar amalga oshirildi. Buning natijasida, pandemiya davrida 1 milliard dollarlik meva-sabzavot eksport qilindi. Tadbirkorlik faoliyati keng qo‘llab-quvvatlandi.

2020 yil aholini ijtimoiy himoya qilish borasida tub burilish yili bo‘ldi. Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar boshlandi. Barcha tuman va shaharlarda, har bir mahallada ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy etildi.

Mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, iqtisodiyotni liberallashtirish borasidagi ishlar uzluksiz olib borildi. O‘zbekiston 2020 yilda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo bo‘lib saylangani, yaqinda AQSH davlat departamenti tomonidan diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” ro‘yxatidan chiqarilgani ham keng ko‘lamli demokratik islohotlarning natijasidir.

O‘zbekiston “Ochiq ma’lumotlarni kuzatish” xalqaro indeksida 125 pog‘onaga ko‘tarilib, 44-o‘rinni egalladi. “Iqtisodiy erkinlik” reytingida ham mamlakatimizning 26 pog‘ona ko‘tarilgani islohotlarimizning xalqaro maydondagi yana bir e’tirofi bo‘ldi.

Koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqirozga qaramay, O‘zbekiston ochiq va pragmatik tashqi siyosatni faol olib bormoqda. Xalqaro maydondagi qat’iy sa’y-harakatlari tufayli dunyo hamjamiyatida yurtimizning obro‘-e’tibori va nufuzi tobora yuksalmoqda.

Har galgidek, Murojaatnomaning eng hayajonli qismi yangi yilga nom berilishi bo‘ldi. Davlatimiz rahbari yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini bilimli va bunyodkor yoshlar bilan birgalikda barpo etish, ana shu muhim yo‘nalishlarda boshlagan ishlarni davom ettirish va yangi, yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida, kirib kelayotgan 2021 yilga mamlakatimizda Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili, deb nom berishni taklif etdi. Prezidentimizning ushbu taklifi tadbir ishtirokchilari tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.

2021 yilda Vatanimiz mustaqilligiga 30 yil to‘ladi. Bu tarixiy sanani “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu g‘oya asosida nishonlash bo‘yicha keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi.

Bugun kelgusi yil uchun reja va dasturlarimizni aniq belgilab olar ekanmiz, mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarimizni yanada mustahkamlab, eng muhim va ustuvor sohalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratamiz, dedi davlatimiz rahbari.

Yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholi salomatligini asrash va mustahkamlash, mamlakatimizni yanada rivojlantirishga qaratilgan eng muhim vazifalar, ichki va tashqi siyosatga doir ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.

Yangi yilda yanada katta safarbarlik ruhida ishlashimizga to‘g‘ri keladi. Hayot oldimizga yana qancha sinov va muammolarni qo‘yishi mumkin va biz har qanday holatga tayyor turishimiz zarur. Lekin qanchalik qiyin va murakkab bo‘lmasin, demokratik islohotlar yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Murojaatnoma yakunida el-yurtimiz hozirgi og‘ir sharoitda barcha sinov va qiyinchiliklardan yanada kuchli va irodali bo‘lib chiqayotgani ta’kidlandi. Hech shubhasiz, o‘z kuchi va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonch xalqimizni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ezgu maqsad yo‘lida birlashtirdi. Bu intilishlar xalqimizni ulkan amaliy ishlarga, yangi yilda yanada baland marralarni qo‘lga kiritishga ruhlantiradi.

Matnazar ELMURODOV, O‘zA