2018-yilda Xorazmdagi mol-mulk solig‘i Toshkentdagidan 2 marta kam bo‘ladi

Kelgusi yilda jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘iga kamaytiruvchi koefitsiyent qo‘llaniladi. Bunda hududlarning ijtimoiy holatidan kelib chiqiladi. 

Misol uchun, Xorazm viloyatida joylashgan uy uchun olinadigan mol-mulk solig‘i Toshkent shahrida joylashgan xuddi shunday uyga solinadigan shu turdagi soliqdan kamida ikki marta kam bo‘ladi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Moliya vaziri J.Qo‘chqorov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisidagi ma’ruzasida aytib o‘tgan.

Vazirning ta’kidlashicha, bugungi kunda mol-mulk solig‘i uyning inventar qiymatidan olinmoqda. Bu qiymat 1991-yildagi narxda belgilangan bo‘lib, uning joriy narxi koefitsinetga ko‘paytirib topiladi.

Koefitsiyent oxirgi marta 2010-yilda yangilangan bo‘lib, uyning inventar narxi bozor narxidan o‘rtacha 20-25 marta kichikdir.

Masalan, poytaxtning Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasida joylashgan, 1989 yilda qurilgan 9 qavatli, betondan qurilgan ko‘p qavatli uyda 3 xonali xonadonning bugungi kundagi inventar qiymati 11,1 million so‘mni, kadastr qiymati 113,7 million so‘mni tashkil etadi. 2017 yilda mazkur xonadonning mol-mulk solig‘i 189,9 ming so‘mni tashkil qilgan.

Taklif etilayotgan tartib bo‘yicha ushbu xonadonning 2018-yilga hisoblanadigan mol-mulk solig‘i summasi 227,3 ming so‘mni tashkil etib, 2017-yildagiga nisbatan 1,2 barobarga o‘sishi kutilmoqda.

 

O’zA