O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

Qoraqalpog‘iston Respublikasida irrigatsiyani rivojlantirish va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha izchil choralar ko‘rib kelinmoqda. Natijada, keyingi uch yil ichida 47 ming gektardan ortiq yerlarning suv ta’minoti yaxshilandi, kuchli va o‘rtacha sho‘rlangan maydonlar 11,2 ming gektarga kamaydi, 140 ming gektardan ortiq maydonning meliorativ holatini barqaror saqlashga erishildi.

Shu bilan birgalikda, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 44,9 ming gektar sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minoti past darajada, 95,2 ming gektar sug‘oriladigan maydonlar o‘rtacha va kuchli sho‘rlangan, mavjud suv resurslaridan foydalanish samaradorligi esa pastligicha qolmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv xo‘jaligi ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini keng joriy qilish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv resurslari va elektr energiyasidan foydalanishning avtomatlashgan nazoratini yo‘lga qo‘yish hamda ilm-fan yangiliklarini ishlab chiqarishga keng joriy etish orqali suv yo‘qotishlarini kamaytirib, kanallarning foydali ish koeffitsiyentini oshirish hamda sug‘oriladigan yer maydonlarini suv bilan ishonchli ta’minlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

2021–2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda melioratsiya ob’ektlarini ta’mirlash va tiklash ishlarining manzilli ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;

2021–2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida mahalliybyudjet mablag‘lari hisobidan irrigatsiya tizimlarini ta’mirlash va tiklash ishlarining prognoz ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;

2021–2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv iste’molchilari uyushmalari, klasterlar hamda fermer xo‘jaliklarining o‘z mablag‘lari hisobidan sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash va tiklash ishlarining prognoz ko‘rsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;

2021–2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilishning prognoz ko‘rsatkichlari 4-ilovaga muvofiq;

2021–2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi suv xo‘jaligi ob’ektlarini boshqarish, suvni hisobga olish va monitoring yuritishda raqamli texnologiyalarni joriy qilish prognoz ko‘rsatkichlari 5-ilovaga muvofiq;

2021–2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalarida elektr energiyasidan foydalanishni raqamli texnologiyalar yordamida “onlayn” rejimida nazorat qilishni joriy etish prognoz ko‘rsatkichlari 6-ilovaga muvofiq;

2021–2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi nasos stansiyalari va irrigatsiya tizimlari kanallarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida xususiy sektorga berish prognoz ko‘rsatkichlari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Sh.R.Xamrayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.R.Sariyev va Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari hokimlariga mazkur qarorda belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklansin.

2. Mazkur qarorning 1-ilovasida keltirilgan loyihalar, shuningdek, 2-ilovasida belgilangan prognoz ko‘rsatkichlar doirasida bajariladigan loyihalar:

har bir loyihaning natijadorligi va maqsadga muvofiqligidan kelib chiqqan holda, loyihalarda belgilangan qurilish, rekonstruksiya qilish hamda ta’mirlash va tiklash ishlari bo‘yicha tayyorlangan tegishli loyiha hujjatlari asosida amalga oshiriladi;

har bir loyihaning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgandan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tumanlar hokimliklari, Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, suv iste’molchilari uyushmalari va boshqa manfaatdor tashkilotlar ishtirokida hamda mustaqil ekspertlarni jalb etgan holda muhokama qilinadi hamda ularning ijobiy xulosasi asosida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

3. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (A.J.Ortiqov), Moliya vazirligi (O.Z.Nasritdinxodjayev), Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R.Xamrayev):

mazkur qarorning 1-ilovasida amalga oshirilishi belgilangan irrigatsiya va melioratsiya loyihalarining asosiy ko‘rsatkichlarini aniqlashtirib va yangilab borgan holda 2021–2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirish jarayonida ularni inobatga olsin;

mazkur qarorning 4–6-ilovalari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar uchun 2021–2023 yil Davlat byudjeti parametrlaridamablag‘lar ko‘zda tutilishini ta’minlasin.

4. Hisob palatasi (B.T.Turabov) Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) bilan birgalikda mazkur qarorning 1-ilovasida nazarda tutilgan loyihalar doirasidagi mablag‘larning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin hamda har yarim yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh Vaziri A.N.Aripovga axborot kiritib borsin.

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Q.R. Sariyev) va tumanlar hokimliklari:

mazkur qarorning 2-ilovasida belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarning bajarilishi uchun talab etiladigan mablag‘larni mahalliy byudjet hisobidan ajratib borsin;

mazkur qarorning 3-ilovasida belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarning bajarilishida suv iste’molchilari uyushmalari, klasterlar hamda fermer xo‘jaliklariga ko‘maklashsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R.Xamrayev), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Q.R.Sariyev) va tumanlar hokimliklari:

mazkur qarorning 1-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan manzilli ro‘yxatlar, shuningdek, 2-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan prognoz ko‘rsatkichlar doirasida ob’ektlarning loyiha-smeta hujjatlari o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi, bosh pudrat tashkilotlarining tender (tanlov) savdolari asosida aniqlanishi hamda qurilish ishlarining amalga oshirilishini tashkil qilsin va nazoratga olsin;

ob’ektlarning loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashda, tender (tanlov)larni o‘tkazish jarayonida shaffoflikni ta’minlash hisobiga ob’ektlarning qiymatini maqbullashtirish choralarini ko‘rsin;

loyihalarni amalga oshirish doirasida zarur asbob-uskuna, xomashyo, butlovchi buyumlar hamda sifatli qurilish materiallarining mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilinishini ta’minlasin (mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar uchun);

energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llash hamda ob’ektlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga mahalliy pudrat tashkilotlarini keng jalb qilishga alohida e’tibor qaratsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi (B.I.Zakirov) mazkur qarorga asosan irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda melioratsiya ob’ektlarini ta’mirlash va tiklash bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari davlat ekspertizasidan o‘tkazilishi va qurilish ob’ektlarida qurilish-montaj ishlari bajarilishida shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi yuzasidan davlat qurilish nazoratini amalga oshirsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (G‘.A.Xoljigitov) Suv xo‘jaligi vazirligi (V.M.Axmadjonov) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi (M.S.Sodiqov) va Suv xo‘jaligi vazirligi (J.U.Uzaqov) bilan birgalikda 2021 yil 1 fevralga qadar mazkur qarorning 7-ilovasiga muvofiq xususiy sektorga o‘tkaziladigan suv xo‘jaligi ob’ektlarining aniq ro‘yxatini tuzsin hamda davlat-xususiy sheriklik shartlarini aniqlab, shartnoma namunasini ishlab chiqsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyevga, zarur hollarda, tasdiqlangan irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda ta’mirlash va tiklash ishlari loyihalarining manzilli ro‘yxatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Q.R.Sariyev) mazkur qarorda nazarda tutilgan irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda melioratsiya ob’ektlarini ta’mirlash va tiklash bo‘yicha ustuvor loyihalarni tanlash va amalga oshirishda:

ustuvor loyihalar bo‘yicha takliflar suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi, geologiya, yer tuzish va loyiha tashkilotlari mutaxassislari hamda mustaqil ekspertlar, shuningdek, manfaatdor fermer va klasterlar ishtirokida joyiga chiqib, har bir hududning suv ta’minoti, yerlarning meliorativ holati va boshqa o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan hamda mavjud muammolarni tahlil qilgan holda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda shakllantirilishini;

ustuvor loyihalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari tomonidan muhokama qilinib, ma’qullangandan so‘ng belgilangan tartibda amalga oshirilishini;

har bir loyihaning amalga oshirilishi holati tegishli xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan nazorat qilib borilishini ta’minlasin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 avgustdagi “Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida suv resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4801-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan Irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarini ilmiy-texnik jihatdan ta’minlash bo‘yicha ishchi guruhi (O‘.P.Umurzakov)ga:

mazkur qarorning 1-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan manzilli ro‘yxatda nazarda tutilgan loyihalar doirasida amalga oshiriladigan ishlarni ilmiy-texnik jihatdan ta’minlashni tashkil etish;

har bir loyihaning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, resurs tejamkor va axborot texnologiyalari qo‘llanilishi bo‘yicha xulosa va tavsiyalar ishlab chiqish;

suv xo‘jaligi sohasiga ilm-fan yutuqlarini, suvni tejovchi texnologiyalar va ilg‘or tajribalarni, suv xo‘jaligi va suvdan foydalanish tizimini boshqarishning innovatsion usullarini joriy qilish bo‘yicha ilmiy va uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish;

ilmiy-texnika yutuqlarini chop etish hamda ommaviy-axborot vositalari orqali targ‘ib qilish, seminarlar, respublika va xalqaro miqyosdagi anjumanlar tashkil qilish vazifasi yuklatilsin.

Ushbu vazifalarni bajarishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan tegishli oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalarining professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari jalb qilinishi mumkin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) ikki oy muddatda Innovatsion rivojlanish vazirligiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi tabiiy-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda qulay meliorativ rejimni ta’minlovchi suv va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy qilishga oid ilmiy loyihalar tanlovini e’lon qilish uchun takliflarni kiritsin.

13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Q.R. Sariyev) uch kun muddatda mazkur qarorni samarali ijro etishga doir masalalarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari tuman (shahar)lar Kengashlarida muhokama qilishga kiritilishini ta’minlasin.

14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib suv xo‘jaligi vaziri Sh.R.Xamrayev belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har yarim yil yakuni bo‘yicha axborot berib borilsin.

 O‘zbekiston Respublikasi

                                               Prezidenti                                                                Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2020 yil 5 dekabr