Toshkent shahrida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining VIII qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Qurultoyni O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov boshqardi.

Qurultoy ishida kasaba uyushmalarining ijtimoiy hamkorlari bo‘lgan vazirlik va idoralarning mutasaddilari, Qoraqalpog‘ston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi raislari, viloyatlar va Toshkent shahri  hokimlari, kasaba uyushmasi sohasining mas’ullari  delegat sifatida ishtirok etdi. Shuningdek, uzoq yillar  o‘zining samarali, halol mehnati bilan davlat va kasaba uyushmalari rivojiga ulkan hissa qo‘shgan soha faxriylari ham mazkur tadbirga taklif etildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning  O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi VIII qurultoyi ishtirokchilariga tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov o‘qib eshittirdi.

Mustaqil O‘zbekiston tarixida davlat rahbari tomonidan kasaba uyushmalari qurultoyi qatnashchilariga ilk marotaba yo‘llangan mazkur tabrikda O‘zbekiston kasaba uyushmalarining mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi ulkan o‘rni va ahamiyatini e’tiborga olib, respublikamizda 11 noyabr sanasini kasaba uyushmalari kuni deb belgilash, shuningdek, soha uchun zamonaviy bilim va malakaga ega bo‘lgan, ijtimoiy munosabatlar nazariyasi va amaliyotini, bu boradagi xalqaro tajribani puxta biladigan yetuk kadrlarni tayyorlash maqsadida Kasaba uyushmalari akademiyasini tashkil etish takliflari bildirildi.

Davlatimiz rahbarining tabrigi sohaga oid yangidan-yangi vazifalarni belgilab olishdagi muhim yo‘nalish sifatida  qurultoy delegatlarida katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov “Yangi O‘zbekiston – yangi kasaba uyushmalari: Federatsiyaning 2016-2020 yillardagi faoliyati va milliy taraqqiyotning zamonaviy bosqichida kasaba uyushmalarining ustuvor vazifalari to‘g‘risida” ma’ruza qildi.

Ma’ruzada keyingi 4 yilda davlatimiz rahbari tomonidan barcha sohalarda olib borilayotgan tub islohotlar, inson manfaatlarini ta’minlash borasidagi sa’y-harakat va tashabbuslar zamirida xalqimiz turmush darajasini oshirish, odamlarning ertaga emas, bugun yaxshi yashashini va farovonligini ta’minlash kabi ezgu maqsadlar mujassam ekani alohida ta’kidlandi. Jamiyat hayotida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar hamyurtlarimizning ham ongu tafakkurida o‘zgarishlar yasayotgani, ularning ertangi kunga ishonchi va hayotdan roziligi tobora ortib borayotgani alohida qayd etildi. Bu borada mamlakatimizda erishilayotgan yutuq va natijalar  dunyo hamjamiyati tomonidan ham keng e’tirof etilmoqda.

– 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari hayotida unutilmas voqelik bo‘ldi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz, – dedi O‘zbekiston Kasaba uyushmalar federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov. –Yurtboshimizning samimiy va iliq, har bir kasaba uyushmasi a’zosini Vatan ravnaqi, yurt taraqqiyoti uchun safarbarlikka undovchi so‘zlari  har birimizning qalbimizga muhrlandi, desam mubolag‘a emas.

11  noyabrni “Kasaba uyushmalari kuni” etib belgilash taklif etilgani esa besh yarim milliondan ortiq kasaba uyushmasi a’zolarining har biri uchun unutilmas voqeadir.

Darhaqiqat, qurultoyda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda olib borilayotgan kuchli ijtimoiy himoya siyosati hamda inson huquq va manfaatlarini ta’minlashga oid tizimli sa’y-harakatlarga hamohang tarzda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan  o‘tgan  hisobot davrida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bu esa Yangi O‘zbekistonning yangi kasaba uyushmalari shakllandi, deyishga to‘liq asos bo‘la oladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2019 yil 6 dekabrda “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonun imzolanishi sohada katta voqea bo‘ldi. Ushbu hujjat Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan yuksak e’tirof etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi ishtirokida Xalqaro mehnat tashkilotining 4 ta konvensiyasi, 1 ta protokoli ratifikatsiya qilindi. Ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha 2020-2022 yillar uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi  o‘rtasida bosh kelishuv imzolandi va kuchga kirdi.

2016-2020 yillarda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan 2000 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat loyihasiga taklif berildi. Jumladan, Kasaba uyushmalari federatsiyasining bevosita ishtirokida ilk bor ish haqi uchun mintaqaviy va tarmoq koeffitsentlari, shuningdek, iqlim va yashash sharoitlari og‘ir va noqulay  bo‘lgan hududlarda ishlash uchun  xodimlarga qo‘shimcha ta’tilning minimal davomiyligi tasdiqlandi, bolalar mehnati va majburiy mehnat bartaraf etildi.

Hisobot davrida qabul qilingan “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonun  asosida kasaba uyushma inspeksiyalarini qayta tiklashga erishildi. bugungi kunda kasaba uyushma inspeksiyalari jamoatchilik nazoratining samarali vositasi sifatida ishchilar murojaatlarini o‘rganish va tezkor ko‘rib chiqish  yuzasidan tizimli ishlarni olib bormoqda.

2016-2020 yillarda amaldagi tarmoq kelishuvlari soni 95 tadan 107 taga o‘sdi. Tarif kelishuvlarida tarmoq bo‘yicha eng kam va o‘rtacha ish haqi, ustamalar, kompensatsiya tarzidagi  va rag‘batlantiruvchi to‘lovlarning  turlari va ularning eng kam miqdori, tarmoq tarif setkalari, yillik asosiy va qo‘shimcha ta’tilning eng kam muddati kabi ko‘rsatkichlar belgilab qo‘yildi.

Kasaba uyushmalarining sa’y-harakatlari bilan kelishuvlarda ijtimoiy kafolatlar, sog‘liqni muhofazalash, xodimlar va ularning oila a’zolarini, shu jumladan, bolalarni sog‘lomlashtirish masalalari o‘z aksini topdi. Aksariyat tarmoqlarda uch yoshga to‘lmagan farzandi bor ayollar uchun qisqartirilgan (bir haftada 36 soatdan oshmaydigan) ish vaqti belgilandi. Amaldagi tarmoq kelishuvlarining 78 tasida qo‘shimcha ta’tillar o‘rnatishga erishildi.

Natijada bir qator tarmoqlarda kelishuvlar vositasida asosiy  uzaytirilgan ta’til muddati  18 ish kunidan 24 ish kunigacha uzaytirildi. Tarmoq kelishuvlariga ishlab chiqarish natijalari bo‘yicha rag‘batlantirish, faoliyatdagi yutuqlar uchun ustama va qo‘shimcha haq, noqulay iqlim sharoitlari uchun tuman koeffitsentlarini to‘lash, haydovchilarga klasiga muvofiq qo‘shimcha haq to‘lash kabi tadbirlarga jiddiy e’tibor qaratildi.

Hisobot davrida korxona, tashkilot va muassasalar miqyosida ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi. Jamoa shartnomalarini tuzgan yuridik shaxslar ulushi 2016 yildagi 95,1 foizdan 2020 yilga kelib 99,6 foizgacha ko‘tarildi.

Xodimlarning daromadlarini oshirishda jamoa shartnomalari ahamiyatini kuchaytirish choralari natijasida qator tarmoqlarda xodimlarning ish haqi oshirilgan bazaviy stavkalar bo‘yicha to‘lanishiga erishildi.

Endilikda jamoa shartnomalari orqali yurtimiz bo‘yicha ishlayotgan kasaba uyushma a’zolarining 55 foizi asosiy uzaytirilgan, 51 foizi esa qo‘shimcha ta’tillardan foydalanmoqda. Jamoa shartnomasi tadbirlarini bajarish uchun respublika bo‘yicha o‘rta hisobda bir xodimga yil davomida sarflangan mablag‘ miqdori 2016 yildagi 1 million 539 ming so‘mdan 2019 yil yakuniga kelib 5 million 100 ming so‘mga yetdi.

Amaldagi jamoa shartnomalarining 98 foizdan ortig‘iga ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishdan avval kasaba uyushma qo‘mitasining roziligini, albatta, olish kerakligi to‘g‘risida band kiritildi.

Barcha jamoa kelishuvlari va shartnomalarida mehnatni muhofaza qilish, ish vaqti, ta’tillar va boshqa mehnat shartlari sohasida ayollar, yoshlar, nogironligi bor shaxslar, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar, ta’lim muassasalarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda tahsil olayotgan xodimlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar belgilanishiga erishildi. Jumladan, ko‘p bolali ayollarga hamda uch yoshga to‘lmagan bolani tarbiyalayotgan ayollarga qisqartirilgan ish vaqtini o‘rnatish, haq to‘lanadigan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari kunini uzaytirish, 2 yoshgacha bola tarbiyasi bilan band ayollarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, 18 yoshga to‘lmagan xodimlarga, shuningdek, ishni ta’lim bilan qo‘shib olib borayotgan xodimlarga imtiyozlar o‘rnatish, oliy o‘quv yurtlarida o‘qish uchun kontrakt pullarini qisman to‘lab berish, pensionerlarga kommunal xizmatlarga haq to‘lash uchun moddiy yordam ko‘rsatish, uy-joylarini ta’mirlash va tibbiy xizmat ko‘rsatish, nogironlarni, Chernobil AESdagi falokatni bartaraf etish ishtirokchilarini, baynalmilalchi jangchilarni imtiyozli sog‘lomlashtirish kabi ko‘plab ijtimoiy himoya choralari ko‘rildi.

Kasaba uyushmalarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini amalga oshirish, gumanitar muammolarni hal etish, mamlakat aholisi turli qatlamlarining ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish, bandligini ta’minlashda davlat organlari bilan ijtimoiy sherikligi yanada faollashdi.

Kasaba uyushmalari federatsiyasining tarmoq dasturlariga muvofiq jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali ehtiyojmand oilalar vakillari, yosh oilalar, ayollar, pensionerlarning ijtimoiy-iqtisodiy muhofazasini ta’minlash, ularni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va tizimli sog‘lomlashtirilishini tashkil etish ishlariga kasaba uyushmalari, ish beruvchilar va boshqa manbalar hisobidan jami    1 trillion 419 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Bevosita oilalar bilan muloqot asosida ularning muammolarini aniqlash, xonadonlardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Xususan, 2017 yilda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo va Xorazm viloyatlaridagi 2 million 160 mingdan ortiq xonadonga borilib, ularda 650 mingga yaqin muammo mavjudligi aniqlandi, qariyb 556,5 mingtasining yechimi bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshirildi.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi mas’ulligida bir qator davlat va nodavlat tashkilotlari vakillaridan iborat jamoatchilik komissiyasi tomonidan Toshkent shahrining 11 ta tumanida uyma-uy yurilib aholining muammolari, mahallalarning ijtimoiy holati batafsil o‘rganildi. Natijalar bo‘yicha mahallalarning har birida aholi bilan uchrashuv va muloqotlar o‘tkazilib, kommunal xizmatlar, ijtimoiy, yo‘l-transport sohalaridagi muammolari joyida hal etildi. Respublika, shahar va tuman miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, ijrosi ta’minlandi.

2020 yil boshida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbarligida xotin-qizlar muammolari bo‘yicha tuzilgan Respublika ishchi guruhi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar hamda Toshkent shahrida uyma-uy yurib, mahallalardagi vaziyatni chuqur tahlil etdi. Qiyin ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar bilan uchrashib, ularning muammolari va dardlari o‘rganildi. O‘rganish yakunlari bo‘yicha barcha hududlarning tuman va shaharlari bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturlari doirasida 122 ming 753 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan muhtoj ayollarning 4 ming 413 nafariga qariyb 28 milliard so‘mlik ijtimoiy yordam ko‘rsatildi. Ushbu yo‘nalishdagi chora-tadbirlar dasturi bilan yurtimiz bo‘yicha jami 15 ming 380 nafar xotin-qiz qamrab olinib, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun 76 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi.

Yuqoridagi ishlarning mushtarakligini ta’minlash maqsadida 2020 yilning 7 martidan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining kun-u tun ishlab turuvchi “1211” – qisqa raqamli ishonch telefoni tashkil etildi. Mazkur ishonch telefoniga shu kunga qadar, respublika bo‘yicha 50 mingdan ziyod murojaat kelgan. Ularning qariyb 80 foizi ijobiy hal etildi va qolgan 20 foizi nazoratga olindi.

Hisobot davrida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik, qulay mehnat sharoitlarini yaratish masalasi bo‘yicha 16 mingga yaqin boshlang‘ich tashkilot faoliyati o‘rganilib, 61 mingdan ortiq kamchilik aniqlandi. Ish beruvchilarga salkam 10 mingga yaqin taqdimnoma kiritildi. Ularning 92 foizida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar bartaraf etildi. Ishchilar huquqini himoyalash maqsadida sudlarga 132 ta da’vo arizasi kiritildi. Tashkilot va korxonalarda ish beruvchilar bilan tuzilgan jamoa shartnomalariga muvofiq mehnat muhofazasi bo‘yicha 1 million 591 mingga yaqin tadbir bajarilishiga erishildi.

2016-2020 yillarda mehnatkashlar va ularning oila a’zolari salomatligini mustahkamlash, yangi ijtimoiy ob’ektlarni qurish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash  yo‘nalishida ham salmoqli ishlar olib borildi. Yangi sanatoriyalar qurildi, bir qator sihatgohlarda zamonaviy qo‘shimcha binolar bunyod etildi. Buning natijasida sihatgohlarda qo‘shimcha o‘rinlar yaratish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Shuningdek, bolalarni sog‘lomlashtirish, ayollarni ijtimoiy himoyalash, yoshlar bilan ishlash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va boshqa taalluqli masalalarga oid ishlar batafsil tahlil etildi.

Qurultoyda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Nazorat-taftish komissiyasining 2016-2020 yillardagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti ham tinglandi. Har ikki masala bo‘yicha o‘tkazilgan muhokamalarda so‘zga chiqqan delegatlar ushbu jamoat tashkiloti faoliyatiga baho berish bilan birga Nazorat taftish-komissiyasi hisoboti bo‘yicha ham o‘z fikrlarini bildirdi.

Tadbirda Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Gay Rayder, Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi bosh kotibi Sharan Barrou, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi  Sergey Lebedevning video tabrigi ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi. Ular tomondan qayd etilganidek, jahonda yuz berayotgan og‘ir pandemiya sharoitida ishsizlik, kambag‘allikning oldini olish, mehnatkashlar manfaatlarini himoyalash borasida O‘zbekiston rahbariyati tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar kuchli ijtimoiy yo‘naltirilgani bilan xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi bu boradagi ezgu ishlarga samarali va munosib hissa qo‘shib kelayotgan yetakchi jamoat tashkilotlaridan sanaladi. Bu jihatlar faoliyati kasaba uyushmalariga oid bir qator xorijiy jamoat tuzilmalarining rahbarlari tomonidan ham alohida e’tirof etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining  birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, O‘zbekiston Ish beruvchilar konfederatsiyasi boshqaruv kengashi raisi Adham Ikromov, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim  Husanov, O‘zbekiston Qahramoni, soha faxriysi Hasan Normurodov, Qoraqalpog‘iston kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashining raisi Ulug‘bek Jolmenov, “Uzbekistan Airways Technics” aviakorxonasining kasaba uyushmalari tashkiloti raisi Larisa Skopina va boshqalar O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining hisobot davridagi faoliyatini qoniqarli deb topish taklifini kiritdi.  Ushbu taklif barcha delegatlar tomonidan tasdiqlanib, bir ovozdan qabul qilindi.

Shundan so‘ng kun tartibidagi birinchi masala bo‘yicha qurultoy qarori qabul qilindi. Nazorat-taftish komissiyasining hisoboti delegatlar tomonidan tasdiqlandi.

Qurultoyda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan strategik yo‘nalishlari, ushbu jamoat tashkilotining yangi tahrirdagi ustavi,  Federatsiya nazorat-taftish komissiyasining yangi tahrirdagi  nizomi bir ovozdan tasdiqlanib, tegishli qarorlar qabul qilindi. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan strategik yo‘nalishlarida Yangi O‘zbekiston kasaba uyushmalari faoliyatining asosiy ustuvor vazifalari belgilab olindi.

Xususan, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga ko‘maklashish, ijtimoiy muloqot va ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, mehnatga haq to‘lash sohasidagi vazifalar,  kasaba uyushmalari va mehnat bozori, mehnat xavfsizligi va gigiyenasini tashkil etish va normativ negizini mustahkamlash, kasaba uyushmalari inspeksiyasining jamoatchilik nazorati sohasidagi istiqbolli vazifalari, kambag‘allikni kamaytirish, aholi, ayniqsa, ayollar va yoshlarni ijtimoiy himoya qilishning maxsus choralarini qo‘llash, xodimlar ma’naviyatni yuksaltirish, ularni ommaviy tarzda sportga jalb etish,   sog‘lomlashtirish, kasaba uyushmalari faoliyatini tashkiliy jihatdan mustakamlash, jamoatchilik bilan aloqalar, xalqaro  faoliyat     shular jumlasidandir.

Rafiqov Qudratilla Mirsoatovich bir ovozdan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi etib saylandi. Qurultoyda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Vlll qurultoyi delegatlarining  xalqimiz, ishchi-mehnatkashlar, kasaba uyushmalari tashkilotlari  va ijtimoiy sheriklariga murojaati qabul qilindi.

Shu kunning o‘zida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining birinchi tashkiliy majlisi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Kasaba uyushmasi federatsiyasi raisining o‘rinbosarlari hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi rayosati  a’zolari saylandi.

Nazokat USMONOVA, O‘zA