Oʻzbekiston TIV Operativ shtabi axboroti

Maxsus komissiya qarori bilan, shuningdek, Tashqi ishlar va Transport vazirliklarining birgalikdagi faoliyati natijasida 2020-yilning 28-oktyabr kuni Abxaziyada qolib ketgan Oʻzbekiston fuqarolari – 299 kishidan iborat ikkinchi guruh Sochi shahridan “Uzbekistan Airways” AJ charter reysi bilan Vatanga qaytarildi.
Avvalroq, 9-oktyabr kuni “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ maxsus poyezdida yordamga muhtoj (homilador ayollar, qariyalar, bemorlar va bolali ayollar) 19 nafar hamyurtimizdan iborat birinchi guruh Vatanga qaytarilgan edi.
Ayni payt diplomatlarimiz ushbu chegara oldi hududida Abxaziyadagi vatandoshlar bilan bogʻliq vaziyatni nazorat qilmoqda.
Hozirgi vaqtda Rossiya Federatsiyasi hududi orqali Abxaziyada qolgan Oʻzbekiston fuqarolarini yurtimizga olib kelishni tashkil etish boʻyicha Rossiya tomoni bilan muzokara olib borilmoqda. Shu munosabat bilan yaqin vaqt ichida Sochi shahridan navbatdagi charter reyslarni amalga oshirish kutilmoqda.
Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi paytida fuqarolarning bir joyda toʻplanishi ularning virus bilan kasallanish ehtimolini keskin oshiradi. Bunday holat ayniqsa qariyalar, bemorlar, surunkali kasalligi bor fuqarolar uchun nihoyatda xavflidir.
Xorijiy mamlakatlar hududidagi vatandoshlarimizdan ommaviy toʻplanmaslik, barcha karantin talablariga qatʼiy rioya qilish hamda oʻzlari va yaqinlari salomatligini xavf ostiga qoʻymasliklarini yana bir bor soʻraymiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

 

OʻzA