Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining sakkizinchi yalpi majlisi toʻgʻrisida  AXBOROT

2020-yil 21-oktyabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining sakkizinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi.

Videokonferensaloqa tarzida oʻtkazilgan yalpi majlisda hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yalpi majlisni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Ushbu yalpi majlis ishi Senatning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda “Uzreport” telekanali orqali toʻgʻridan-toʻgʻri jonli efirda namoyish etildi.

Senat aʼzolari tomonidan 17 ta masala, shu jumladan, 4 ta qonun muhokama qilindi.

Dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi oʻrinbosarini saylash toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.

Konstitutsion normaga binoan Qoraqalpogʻiston Respublikasi vakili Senat Raisi oʻrinbosarlaridan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan Prezidentimiz tomonidan senator Murat Kallibekovich Kamalovni Senat Raisi oʻrinbosari lavozimiga saylash toʻgʻrisida taqdimnoma kiritilgan.

Murat Kamalov 1955-yilda Nukus shahrida tugʻilgan. Oliy maʼlumotga ega huquqshunos sifatida koʻp yillar masʼuliyatli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Joriy yil sentyabr oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining deputati etib, 2-oktyabr kuni Joʻqorgʻi Kengesning davlatimiz rahbari ishtirokida oʻtgan navbatdan tashqari sakkizinchi sessiyasida Joʻqorgʻi Kenges Raisi etib saylangan.

Majlisda senatorlar tomonidan M.Kamalov nomzodi boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Qonun talablariga muvofiq yashirin ovoz berish yoʻli bilan senator Murat Kallibekovich Kamalov Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi oʻrinbosari etib saylandi.

Soʻngra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalariga oid faoliyatini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.

Maʼlumki, Orol dengizining qurishi bilan bogʻliq ekologik halokat oqibatlari nafaqat Oʻzbekiston yoki Markaziy Osiyo mintaqasi, balki allaqachon global miqyosdagi muammoga aylanib ulgurgan. Orol masalasiga boʻlgan yondashuv aniq natijalarga erishish nuqtayi nazaridan tubdan oʻzgardi. Qolaversa, davlatimiz rahbari ikki marotaba BMT bosh minbaridan turib dunyo hamjamiyati eʼtiborini mazkur masalaga qaratdi.

Orolboʻyi mintaqasi aholisining turmush sharoitlari va sifatini yaxshilashga yoʻnaltirilgan 2017-2021-yillarda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi tasdiqlandi. BMTning Orolboʻyi hududi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast fondi tuzildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi tashkil etildi. Hududda 2 million gektar yashil maydon barpo etish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari yaqinda Joʻqorgʻi Kenges sessiyasida Qoraqalpogʻiston Respublikasini kelgusi uch yilda rivojlantirishning 10 ta ustuvor yoʻnalishini belgilab berdi.

Taʼkidlash lozimki, Orol muammosining salbiy taʼsirini yumshatish mazkur ustuvor yoʻnalishlarning biri etib belgilandi.

Shuningdek, Prezidentimiz Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalariga oid qator tashabbuslarni ilgari surdi. Vazirlik va idoralar zimmasiga hududni rivojlantirishga doir aniq vazifalar yuklandi.

Bu borada parlament nazoratini kuchaytirish masalasiga ham alohida urgʻu berildi. Yaʼni, Orolboʻyi hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalar (dasturlar) ijrosini joyiga chiqqan holda oʻrganish, mutasaddi vazirlik va idoralarning hisobotlarini bevosita hududning oʻzida eshitish amaliyotini yoʻlga qoʻyish lozimligi taʼkidlandi.

Majlisda senatorlar mazkur tashabbuslarga hamohang ravishda hamda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirishda parlament ishtiroki va nazoratini kuchaytirish maqsadida Senatda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasini tashkil etish, ushbu Qoʻmitaning Nizomini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Shundan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi raisini saylash hamda mazkur Qoʻmita tarkibi toʻgʻrisidagi masalalar ham koʻrib chiqildi.

Qoʻmita raisi lavozimiga senator Boriy Botirovich Alixonovning nomzodi taklif etildi.

B.Alixonov koʻp yillar Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Ekologik harakati, keyinchalik Ekologik partiya yetakchisi va parlament aʼzosi sifatida samarali faoliyat olib borgan. Orol fojiasi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan milliy va xalqaro koʻlamdagi loyihalar, dasturlarni amalga oshirishda faol ishtirok etgan. Ayniqsa, bu boradagi qonunchilikni mustahkamlashga katta hissa qoʻshgan.

Bundan tashqari, Sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan senator Botir Djoldasovich Matmuratovni Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari lavozimiga oʻtkazish taklif etildi.

Botir Djoldasovich bilimli, tajribali yurist, katta hayot maktabini oʻtagan rahbar sifatida mamlakatimizda sud-huquq tizimini takomillashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida oʻz salohiyatini toʻla namoyon eta oldi. Qolaversa, u Qoraqalpogʻiston Respublikasi vakili hisoblanadi va ushbu hududning past-u balandliklarini, ayniqsa, Orolboʻyi hududidagi haqiqiy holatni yaxshi biladi.

Majlisda Boriy Botirovich Alixonovni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi raisi, Botir Djoldasovich Matmuratovni esa Qoʻmita raisi oʻrinbosari etib saylash, shuningdek, Qoʻmita tarkibini saylash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisini saylash toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqildi.

Mazkur Qoʻmita raisligiga senator Nariman Madjitovich Umarov nomzodi taklif etildi.

N.Umarov salohiyatli, tajribali, mulohazali, mehnatsevar va talabchan inson. U Hukumat idoralari, jamoat tashkilotlari va siyosiy tashkilotlar, jumladan, parlamentdagi koʻp yillik samarali faoliyati bilan xalqimiz va jamoatchilik orasida yetarlicha obroʻ-eʼtibor qozongan.

Majlisda senatorlar Nariman Madjitovich Umarovni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi etib saylash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ayrim qoʻmitalari aʼzolari toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqildi.

Soʻngra “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida zargarlik tarmogʻini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni mazkur qonunni tayyorlashga asos boʻlgan.

Majlisda ushbu qonun Senat qoʻmitasi, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari hamda ekspertlar tomonidan koʻrib chiqilishi jarayonida uning ayrim moddalari qoʻyiladigan talablarga javob bermasligi aniqlanganligi qayd etildi.

Xususan, Qonunning 12-moddasining beshinchi va 25-moddasining oltinchi xatboshilarini “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiqlashtirish maqsadga muvofiqligi bildirildi.

Davlatning qimmatbaho metallarni sanoat usulida qazib olishni amalga oshiruvchi korxonalar faoliyatiga aralashuvini kamaytirish maqsadida Qonunning tegishli moddalari normalarini qayta koʻrib chiqish va 15-moddasi talablarini amaldagi qonunchilik hujjatlari normasi bilan muvofiqlashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, Qonunning 22-moddasi beshinchi qismida nazarda tutilgan normani Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-avgustdagi PF-6044-sonli Farmoni, yaʼni mazkur yoʻnalishdagi faoliyat litsenziyalanadigan faoliyat turlariga kirmasligi toʻgʻrisidagi talabga muvofiqlashtirish kerakligi ham qayd etildi.

Senatorlar mazkur Qonunni rad etish boʻyicha qaror qabul qildi.

Shundan soʻng “Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama markazida boʻldi.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda koronavirus infeksiyasi nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo hamjamiyatiga jiddiy xavf solmoqda. Davlatimiz, hukumatimiz bu xatarni har tomonlama hamda tezroq bartaraf etish uchun barcha zarur choralarni olib bormoqda. Albatta, milliy Parlamentimiz ham bu borada taʼsirchan choralarni koʻrmoqda.

Biroq Oʻzbekiston Respublikasida ushbu infeksiya bilan kunlik zararlanishning soni koʻp miqdorda aniqlanishi tegishli chora-tadbirlar koʻrishni taqozo etadi. Bu esa, oʻz navbatida, milliy qonunchilik bazasini takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Maʼlumki, fuqarolarni belgilangan har qanday tartib, qoida hamda xavf-xatarning oldini olishga yoʻnaltirilgan kompleks choralarga rioya qilmaslik yohud ularni buzganlik uchun javobgarlikka tortish hamda ularga jazo qoʻllash faqat qonun bilan belgilangan normalarga asosan amalga oshiriladi.

Taʼkidlanishicha, qonun bilan kiritilayotgan oʻzgartishlarga asosan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda nazarda tutilgan epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish maʼmuriy huquqbuzarligi uchun maʼmuriy jazo qoʻllash vakolatini Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan bir qatorda ichki ishlar organlariga ham berish nazarda tutilmoqda.

Kodeksda nazarda tutilgan transport vositalaridan axlat yoki boshqa narsalarni tashlab yuborish maʼmuriy huquqbuzarligi uchun maʼmuriy jazo qoʻllash vakolatini ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi xodimlari bilan birgalikda yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlariga ham berish bayon etilmoqda.

Shuningdek, Kodeksda epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarlikni sodir etib harakatlanayotgan transport vositalarini ushlab turish tartibi joriy qilinmoqda.

Kodeksga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar natijasida davlat boshqaruvi tizimi orqali samarali va tezkor favqulodda choralarni qoʻllash, qolaversa, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishda huquqiy munosabatlarni tartibga solish, Oʻzbekiston Respublikasining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirishga imkon berishini qayd etish oʻrinlidir.

Bundan tashqari, transport vositalari haydovchilarining masʼuliyatini oshirish, sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlarining haddan tashqari darajasiga ega boʻlgan ish yuklamasini yengillashtirish nazarda tutilgan.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Senatning sakkizinchi yalpi majlisida “Jamoat xavfsizligini taʼminlashga doir qonun hujjatlari yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ham muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, oʻtgan davr mobaynida mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, jamoat tartibini saqlashning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etish hamda aholida shaxsiy xavfsizlik hissini shakllantirish borasida tizimli va samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Biroq jamoat xavfsizligini taʼminlashda bir qator salbiy voqealarning yuz berayotgani, jumladan, bugungi kunda fuqarolar, ayniqsa, yoshlar orasida pichoq va boshqa sovuq qurollarni olib yurish, oʻzaro janjal vaqtida mazkur ashyolar bilan qoʻrqitish yoki ularni qoʻllash kabi harakatlar koʻplab uchramoqda.

Tahlillarga nazar tashlaydigan boʻlsak, mazkur Qonunni qabul qilishning nechogʻli ahamiyatli ekanligini anglash mumkin.

Misol uchun, 2017-2019-yillarda 10065 ta sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan predmet, shundan 6835 tasi, yaʼni 68 foizi pichoqlar. 2020-yilning 6 oyida esa 14957 ta sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan predmet, shundan 12762 tasi yoki 85 foizi pichoq va qolgani boshqa turdagi predmetlar.

Mazkur predmetlarning 58 foizi koʻchada, 22 foizi bozorlarda, 24 foizi taʼlim muassasalarida aniqlangan. Buning oqibatida esa birgina 2020-yilning 8 oyida aynan oʻtkir tigʻli predmetlardan foydalangan holda 542 ta jinoyat sodir etilgan boʻlsa, shundan 168 tasi yoki 31 foizi qotillik, 289 tasi, yaʼni 53 foizi ogʻir tan jarohati yetkazish kabi salbiy holatlar yuz berishiga olib kelgan.

Shu sababli jamoat xavfsizligini taʼminlashga doir qonun hujjatlarini yana-da takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104 va 105-moddalarining ikkinchi qismidagi bandlar oʻzgartirilmoqda.

Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 14, 245, 287-moddalari toʻldirilib, kodeksga yangi 1852 va 1853-moddalari qoʻshilmoqda.

1852-moddaning birinchi qismida fuqarolar tomonidan jamoat joylarida, kasbiy faoliyatda yoki sport faoliyatida, yoki xoʻjalik-maishiy maqsadlarda sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni ochiq holda (gʻilofsiz) olib yurganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima jazosi belgilanmoqda.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xoʻjalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bogʻliq boʻlmagan hollarda, fuqaroviy qurolni, sovuq qurolni va sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan, sport va xoʻjalik-maishiy maqsadlar uchun moʻljallangan ashyolarni jamoat joylarida olib yurganlik uchun huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib yoki musodara qilmay, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima jazosi belgilanmoqda.

Shuningdek, 1853-modda bilan Oʻzbekiston Respublikasi hududida fuqaroviy va xizmat quroli sifatida muomalada boʻlishi taqiqlangan ashyolarning qonunga xilof ravishda muomalada boʻlishi taqiqlanmoqda.

Bundan tashqari, “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonunning 3 va 9-moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Yaʼni, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan, sport va xoʻjalik-maishiy maqsadlar uchun moʻljallangan ashyolar deganda jismoniy kuch ishlatish natijasida odamning sogʻligʻi va hayotiga zarar yetkazishi yoki oʻlimiga olib kelishi mumkin boʻlgan xoʻjalik-maishiy va kasbiy maqsadlarda, ishlab chiqarish sanoati hamda sport faoliyatida foydalaniladigan tigʻli, kesuvchan va boshqa ashyolar, pichoqlar va boshqa tigʻli ashyolar, beysbol bitalari, softbol oʻyini uchun bitalar – chillaklarni nazarda tutuvchi tushuncha kiritilmoqda.

Shuningdek, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni ulardan kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xoʻjalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bogʻliq boʻlmagan hollarda, shu jumladan, shahar transportida, shahar atrofiga qatnovchi, shaharlararo va xalqaro transportda, jamoat joylarida, ochiq (gʻilofsiz) holda olib yurishni taqiqlovchi norma kiritilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi natijasida mamlakatimizda sovuq qurol, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan boshqa ashyolar, shuningdek, pichoqdan foydalangan holda sodir etilishi mumkin boʻlgan huquqbuzarliklarning kamayishiga erishiladi.

Senatorlar tomonidan mazkur qonun maʼqullandi.

Soʻngra “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama markazida boʻldi.

Mazkur Qonun bilan amaldagi 11 ta qonun va 2 ta kodeks talablari Soliq kodeksiga moslashtirilmoqda.

Jumladan, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi, “Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi kabi qonunlar va Byudjet kodeksiga tegishli oʻzgartishlar kiritilgan.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining amalga kiritilishi tadbirkorlik subyektlari uchun qator qulayliklarni yaratmoqda.

Xususan, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartish kiritilib, tadbirkorlar va fermer xoʻjaliklarini tekshirishning amaldagi tartibi bekor qilinib, tekshirish talabi Soliq kodeksiga moslashtirilmoqda.

Endi tadbirkorlik subyektlarini tekshirish “xavfni tahlil etish” tizimi natijalari asosida amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Bundan buyon soliqlarning kameral tekshiruvidan boshqa barcha tekshirishlar elektron tizimda roʻyxatga olinadi.

Qonunning maʼqullanishi amalda bir-biriga zid boʻlgan qonunchilik talablariga barham beribgina qolmay, tadbirkorlik subyektlari va aholiga qulaylik yaratadi va xorijiy investorlarni jalb qilishga xizmat qiladi.

Qizgʻin muhokamalardan soʻng mazkur Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan keyin aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashdagi muammolar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi tomonidan aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashda “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablari ijrosi, suv inshootlarini loyihalash va qurish, foydalanishga topshirish, mablagʻlardan samarali foydalanish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar holati oʻrganildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-sentyabrdagi
PF-6074-sonli Farmoni bilan suv taʼminoti va oqova suv xizmatlarini koʻrsatish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish boʻyicha istiqboldagi vazifalar ham belgilab berilgan.

Soʻnggi ikki yilda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimlarini yaxshilash uchun byudjetdan 3,7 trillion soʻm ajratilgan, 48 ta loyihaga 1,9 milliard dollar xorijiy kreditlar jalb qilingan. Natijada mamlakat boʻyicha 1 734 ta inshootda 6 463 kilometr ichimlik va 300 kilometrga yaqin oqova suv tarmoqlari tortilgan.

Suvdan foydalanishni samarali tartibga solishni taʼminlash uchun suv resurslarini boshqarish boʻyicha yangi tuzilmalar yaratilgan. Aholining 67,8 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan. Yer osti suv manbalariga ega boʻlgan hududlarda markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanish Toshkent shahrida 99,7 foizni, Fargʻona viloyatida 83,4 foizni va Samarqand viloyatida 63,7 foizni tashkil etadi.

Majlisda oʻrganishlar hududlarda aholining ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojini qondirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar samaradorligi talab darajasida emasligini koʻrsatgani taʼkidlandi.

Jumladan, mamlakat ichimlik suvi inshootlarining umumiy quvvati sutkasiga 11,8 million metr kubdan iborat boʻlsa-da, amalda uning 60 foizidan foydalanilmoqda.

Umumiy uzunligi 70,3 ming kilometr boʻlgan ichimlik suvi magistral quvurlari va tarmoqlarining 38 foizi, foydalanilayotgan 12 mingdan ortiq ichimlik suvi quduqlarining 29 foizi taʼmirtalab ahvolda.

Shuningdek, 2 mingta yoki 20 foiz suv nasoslari ishdan chiqqan. Shaharlarning faqat 79 tasi, yaʼni 57 foizida kanalizatsiya tizimi mavjud boʻlib, ularning ham 23 foizi taʼmirga muhtoj.

Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash va oqova suv xizmatini yaxshilash boʻyicha ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanishda jiddiy xato va kamchiliklar mavjud.

Xususan, inshootlar boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari joyiga chiqib oʻrganilmasdan, nazorat oʻlchovlari oʻtkazilmasdan, bajarilishi lozim boʻlgan ish hajmlari hujjatda toʻliq aks ettirilmasdan, ichimlik suvi manbalariga aniqlik kiritilmasdan ishlab chiqilish holatlari oqibatida samarasiz xarajatlarga yoʻl qoʻyilgan.

Qolaversa, tizimda sogʻlom raqobat muhiti shakllantirilmagan, loyihalash va qurilish-montaj ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlar qonun hujjatlariga zid ravishda tanlangan. Oqibatda inshootlarning qurilib ishga tushirilmasligi yoki qurilish-montaj ishlarining oxiriga yetkazilmasligi, mablagʻlarning samarasiz ishlatib yuborilishi kabi holatlar yuzaga kelgan. Qurilish ishlarining natijadorligini nazorat qilish tizimi talabga javob bermaydi. Foydalanishga topshirilgan ayrim inshootlar suv taʼminoti korxonalari tomonidan samarasiz ishlatilgan, oqibatda aholiga ichimlik suvi yetkazib berilmagan.

Davlat byudjeti, xalqaro moliyaviy institutlar va boshqa manbalardan jalb qilingan mablagʻlardan foydalanishning ochiq, shaffof tizimi yaratilmagan, mablagʻlardan foydalanishning holati boʻyicha hisobot berish hamda qarz mablagʻlarini qaytarish tizimi yoʻlga qoʻyilmagan.

Aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash sohasida qonun hujjatlarida belgilab berilgan vazifalar oʻz vaqtida bajarilmagan.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-noyabrdagi PQ-4040-sonli qarorida belgilangan, 2019-yil 1-iyulga qadar Samarqand, Buxoro, Namangan va Qarshi shaharlarida suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini Osiyo taraqqiyot banki konsultantlarini jalb qilgan holda, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish toʻgʻrisidagi topshiriq oʻz vaqtida bajarilmagan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi PQ-4300-sonli qarori bilan topshiriqning ijro muddati joriy yilning 1-iyuli etib belgilangan boʻlsa-da, tender gʻoliblari bilan shartnomalarni rasmiylashtirish ishlari bajarilmasdan qolgan.

“Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida mahalliy davlat hokimiyati organlariga oʻz hududidagi suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishning asosiy yoʻnalishlarini belgilash vakolati berilgan boʻlsa-da, ayrim hududlarda ushbu vakolatlar yillar davomida bajarilmasdan qolmoqda.

Shu jihatdan aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashdagi muammolar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan soʻng qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash bilan bogʻliq jinoyatlar sodir etilishi holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Bosh prokuraturasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, Ichki ishlar vazirligi tomonidan Senat qarori ijrosini taʼminlash boʻyicha alohida chora-tadbirlar tasdiqlanib, ijroga qaratilgan. Xususan, BMTning 1984-yildagi Konvensiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga qatʼiy amal qilish boʻyicha yangi tartib yoʻlga qoʻyilgan.

Ichki ishlar organlarining 468 ta maʼmuriy binosi, 91 ta vaqtincha saqlash hibsxonasi, 13 ta maxsus qabulxona, 12 ta reabilitatsiya markazi,
43 ta jazoni ijro etish muassasasi, 11 ta tergov hibsxonasida jami 9 547 ta kuzatuv kamerasi oʻrnatilgan.

Prokuratura organlari tomonidan esa joriy yilning 7 oyida huquqni muhofaza qiluvchi organlarda 5 116 ta tekshirish oʻtkazilib, aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan 2 783 ta taqdimnoma kiritilgan.

Majlisda senatorlar parlament soʻrovida koʻtarilgan ayrim muammoli masalalarni Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan bartaraf etish choralarini koʻrish kerakligini taʼkidladi.

Jumladan, Ichki ishlar vazirligi tomonidan bir oy muddatda BMTning 1984-yildagi Qiynoqlarga solishga va muomalada boʻlish va jazolashning boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi turlariga qarshi Konvensiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga qatʼiy amal qilish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish, shuningdek, ichki ishlar organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash maqsadida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlik memorandumini tasdiqlash zarurligi belgilandi.

Yana bir jihat. Bosh prokuratura va Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) bilan hamkorlikda tergov hibsxonalari, ozodlikdan mahrum etish joylari va shaxslar turgan, oʻz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan boshqa joylarda xizmat olib boruvchi xodimlarining qiynoqqa solish, shafqatsiz va gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi xatti-harakatlarining barvaqt oldini olish hamda qonunchilik boʻyicha bilim saviyalarini oshirish, kasbiy malakasi va amaliy koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha 2021-yilga moʻljallangan qisqa muddatli oʻquv dasturi ishlab chiqish muhimligi bildirildi.

Qolaversa, 2021-yil yakuniga qadar barcha hududiy tergov boʻlinmalarida soʻroq jarayonini stenografiya qilish, videokuzatuv, shuningdek, tergov harakatlarini audio va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan maxsus tergov xonalari tashkil etish zarurligi borasida soʻz yuritildi.

Shuningdek, Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakili hamda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markaziga ham tegishli topshiriqlar berildi.

Shu bilan birga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) Kengashlariga har chorakda tegishincha ichki ishlar va prokuratura organlari rahbarlarining oʻz faoliyatlari toʻgʻrisidagi axborotlarini eshitishda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan sodir etilgan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz jazo turlarini qoʻllaganlik holatlariga alohida eʼtibor qaratish va muhokama qilib borish tavsiya etildi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Soʻngra yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, Bosh vazir tomonidan 2020-yil 25-avgustda taqdim etilgan javobga koʻra, parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalar mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birga atroflicha oʻrganilib, Vazirlar Mahkamasining Rayosatida koʻrib chiqilgan.

Parlament soʻrovida koʻtarilgan bir qator masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan amaliy chora-tadbirlar dasturi qabul qilingan. Unda, jumladan, qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlaydigan foto va videomoslamalar, shuningdek, onlayn rejimida ishlovchi qoʻshimcha fotoradarlar oʻrnatish belgilangan.

Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli va asosiy vazifalarini amalga oshiruvchi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining yoʻl harakatini tashkil etishni nazorat qilish boʻlimi va boʻlinmalari shtat birliklarining yetishmasligini bartaraf etish boʻyicha tadbirlar oʻtkazilishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, umumtaʼlim maktablarida Yoʻl harakati qoidalari va harakat xavfsizligi asoslarini oʻrgatish, xalq taʼlimi xodimlarining oʻquvchilarga Yoʻl harakati qoidalarini oʻrgatish boʻyicha malakasini oshirish ham rejalashtirilgan.

Majlisda senatorlar tomonidan parlament soʻrovida koʻtarilgan baʼzi masalalarning yechimiga eʼtibor qaratilmagani taʼkidlandi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tomonidan 2019-yilda tasdiqlangan yoʻl harakati xavfsizligi standartlari yuzaki ishlab chiqilgan.

Ushbu standartlardagi yoʻl belgilarining tartib raqamlari ham toʻgʻri belgilanmaganligi, bu esa yoʻl harakatining asosiy va ustuvor qoidalaridan hisoblanishi taʼkidlab oʻtildi.

Yaʼni, mazkur standartlar boshqa davlatlarning standartlaridan toʻgʻridan-toʻgʻri koʻchirib olingan. Oqibatda boshqa davlatlarning amaldagi yoʻl harakati qoidalaridagi mavjud yoʻl belgilari ushbu standartlarning ilovalariga ham kiritilgan. Vaholanki, mazkur yoʻl belgilari Oʻzbekiston Respublikasi Yoʻl harakati qoidalarida mavjud emas.

Shuningdek, Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan harakat xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, harakat ishtirokchilariga qulayliklar yaratish yuzasidan mahalliy hokimliklar hamda tegishli tashkilot va idoralarga 2017-2020-yillar davomida jami 6 709 ta taqdimnoma kiritilgan boʻlsa-da, ularning 3 173 tasi yoki 45 foizi belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilmagan.

Bundan tashqari, mutaxassislar tomonidan yoʻl-transport hodisalarining kelib chiqishiga sabab boʻlayotgan avtomobil yoʻllarini zarur darajada taʼmirlashga eʼtibor qaratilmagani oqibatida 2019-yilda va 2020-yilning 8 oyi davomida 532 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilib, ularda 511 nafar fuqaro jarohatlangan va 191 nafar fuqaro halok boʻlgan.

Bu kabi kamchiliklar Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosini taʼminlamagan mutasaddilarga nisbatan taʼsirchan choralar koʻrishni taqozo etmoqda.

Shu jihatdan Senat aʼzolari aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli qaror qabul qildi.

Bunda:

– Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tomonidan 2019-yilda tasdiqlangan yoʻl harakati xavfsizligiga oid normativ-huquqiy hujjatlar va standartlarni 2021-yil 15-yanvarga qadar takomillashtirish;

– Avtomobil yoʻllarining nosozligi oqibatida sodir boʻlayotgan yoʻl-transport hodisalarining oldini olish boʻyicha bir oy muddatda aniq chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish;

– Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan mutasaddi idoralar rahbarlariga kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosini taʼminlashda sustkashlikka yoʻl qoʻygan mutasaddi xodimlarning masʼuliyatini oshirish yuzasidan zarur choralarni koʻrish;

– Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosining borishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda Ichki ishlar vazirligi tomonidan mutasaddi idoralar rahbarlariga kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosi yuzasidan har chorak yakuni boʻyicha taqdim etilgan maʼlumotlarni qoʻmitada tahlil qilib, chora-tadbirlar dasturi hamda kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosini oʻz vaqtida bajarmagan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarini Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisiga taklif qilib, muhokama qilib borish belgilandi.

Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan soʻng tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va ularning nogironligini aniqlash masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi.

Majlisda Vazirlar Mahkamasi tomonidan parlament soʻrovi natijalari yuzasidan taqdim etilgan axborotda parlament soʻrovida qoʻyilgan vazifalar ijrosi yetarlicha aks ettirilmaganligi taʼkidlandi.

Xususan, tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va ularning nogironligini aniqlash masalalari normativ-huquqiy hujjatlarda yetarlicha tartibga solinmagan, nogironlik profilaktikasi, nogironligi boʻlgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy va kasb boʻyicha reabilitatsiya qilish boʻyicha yaqin, oʻrta yoki uzoq muddatli strategiya qabul qilinmagan.

Shu bilan birga, nogironlikni aniqlash uchun tibbiy-ijtimoiy ekspertiza oʻtkazishda qoʻllanilayotgan mezonlar qirq yil avval ishlab chiqilgan uslubiyotga asoslangan boʻlib, yangi tartib haligacha ishlab chiqilmagan.

Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarining nogironlarga xizmat koʻrsatish yuklamasi belgilanmagan, 18 yoshgacha boʻlgan bolalarda va undan katta yoshdagi shaxslarda nogironlikka olib keluvchi asosiy kasalliklar roʻyxati va ushbu kasalliklarda nogironlik belgilash mezonlari, nogironligi boʻlgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishning zamonaviy usullarini joriy etgan holda tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan oʻtkazish mezonlari ishlab chiqilmagan.

Yana bir jihat. Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-dekabrdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlar dasturida nogironlikni aniqlash bilan bogʻliq qator vazifalar bajarilmayapti.

Jumladan, Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining tibbiy-maslahat komissiyalari va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyati tanqidiy qayta koʻrib chiqilmagan, nogironlikni belgilash mexanizmlari va uning muddatlari, shu jumladan, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi takomillashtirilmagan. Nogironlikni belgilash tizimiga belgilari yaqqol koʻrinib turgan murojaat qiluvchini nogironlik belgilangunga qadar qoʻllab-quvvatlash mexanizmi joriy qilinmagan, ayrim toifadagi nogironligi boʻlgan shaxslar uchun tibbiy tekshiruv oʻtkazmasdan aniqlanishi mumkin nogironlik toifalari uchun statsionar davolanishda majburiy boʻlish tartibi bekor qilinmagan, yordamga juda muhtoj boʻlgan shaxslar uchun sirtdan nogironlik toifasi belgilash hanuzgacha joriy etilmagan.

Ushbu vazifalarni bajarish boʻyicha aniq asos va muddatlar belgilab qoʻyilganligiga qaramay, nogironligi boʻlgan shaxslar nogironligini belgilashda, tibbiy-ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda koʻplab ovoragarchilikka duch kelishiga sabab boʻlmoqda.

Majlisda parlament soʻrovida keltirilgan masalalar yuzasidan yetarli darajada amaliy choralar koʻrilmaganligi, tegishli ishlar subyektiv sabablarga koʻra amalga oshirilmaganligi taʼkidlandi.

Shuning uchun Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovida belgilangan vazifalar ijrosini toʻliq taʼminlash hamda bu haqda kelgusida aniq maʼlumotlar taqdim etish vazifasi yuklandi hamda uning ijrosi Senatning doimiy nazoratida qoldirilishi belgilandi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan keyin Jizzax viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish haqidagi hisoboti eshitildi.

Unda Oliy Majlis Senatining ishchi guruhi tomonidan viloyatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni kompleks ravishda oʻrganish yakunlari ham batafsil muhokama etildi.

Viloyatni rivojlantirish va bu jarayonda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari salohiyatidan foydalanish borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.

Xususan, viloyatda 2020-yilning yanvar-iyun oylarida ishlab chiqarilgan yalpi hududiy mahsulot (YAHM) hajmi 6 trillion 989 milliard soʻmni, oʻsish surʼati oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 102,0 foizni tashkil etgan.

Xalq deputatlari viloyat Kengashining 2019-yil 23-dekabrdagi qaroriga asosan 2020-yil uchun mahalliy byudjet daromadlar rejasi 1 trillion 51 milliard soʻm etib belgilangan boʻlib, joriy yilning I yarim yilligi uchun belgilangan reja 125 foizga (436,7 milliard soʻmga) bajarilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-31-yanvar kunlari Jizzax viloyatiga tashrifi boʻyicha tasdiqlangan dastur doirasida umumiy qiymati 3,0 trillion soʻm boʻlgan 510 ta loyiha ishga tushirilgan va 8 ming 342 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.

2020-yil yanvar-iyun oylarida 42 ta mahalliylashtirish loyihasi doirasida 235,6 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, belgilangan prognoz koʻrsatkichi 2,1 barobarga bajarilgan va 2 mingta yangi ish oʻrni yaratilgan.

Joriy yilda eksport geografiyasini kengaytirish maqsadida 5 ta davlat, Avstriya, Vyetnam, Moldova, Moʻgʻuliston, Niderlandiyaga mahsulotlar ilk marotaba eksport qilingan.

Bundan tashqari, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha viloyatda 2019-yilda jami 898,8 ming tonnaga yaqin meva-sabzavot, poliz, kartoshka, uzum mahsulotlari yetishtirilgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkichni 1 million 114,9 ming tonnadan oshirish yoki oʻtgan yilga nisbatan 216,2 ming tonna (124 foiz) koʻp mahsulot yetishtirish kutilmoqda.

2020-yilning oʻtgan davri mobaynida investitsiya dasturi boʻyicha 137,1 milliard soʻm byudjet mablagʻlari hisobiga 63,4 kilometr ichimlik suvi tarmogʻi, 22 ta suv qudugʻi hamda 17,2 kilometr oqova suv tarmogʻi qurilishi rejalashtirilgan boʻlib, hozirgacha 124,6 milliard soʻmlik ishlar bajarilgan.

Yana bir jihat. Beshta muhim tashabbusni amaliyotga joriy etish doirasida viloyatda qator amaliy ishlar qilingan. Jumladan, tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturi doirasida jami 1,5 mingga yaqin tadbirlar oʻtkazilib, ularda 736 mingdan ortiq yoshlar qamrab olingan.

Mirzachoʻl tumanidagi “Oʻzbek-qozoq”, Gʻallaorol tumanidagi “Qoʻytosh”, Doʻstlik tumanidagi “Bunyodkor” madaniyat markazlarida taʼmirlash ishlari olib borilib, tantanali ravishda foydalanishga topshirilgan.

Jizzax shahrida bir vaqtning oʻzida 10 ming nafardan ortiq yoshlarni sigʻdira oladigan “Oʻrda” ekologik bogʻi qayta rekonstruksiya qilingan, eski Sangzor koʻli oʻrnida Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan Velotrek maydonini barpo etish va joriy yilning yakuniga qadar yoshlar uchun foydalanishga topshirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, yigʻilish davomida Oliy Majlis Senati, Kasaba uyushmalari federatsiyasi va Jizzax viloyati hokimligi tomonidan hududdagi xotin-qizlarning muammolarini hal etish va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida har bir tuman va shahar boʻyicha qabul qilingan dasturlar (“Yoʻl xaritasi”) ijrosi boʻyicha ham axborot berildi.

Ushbu dasturlar doirasida Kasaba uyushmalari federatsiyasi mablagʻlari hisobidan 636 nafar xotin-qizga 1 milliard 169,9 million soʻm miqdorida moddiy yordam berilgan.

Baxmal, Gʻallaorol, Yangiobod, Arnasoy, Doʻstlik, Zafarobod, Zarbdor, Zomin, Forish tumanlari va Jizzax shahrida 198 nafar ayollarga uy-joylarini taʼmirlash uchun 1 milliard 160,3 million soʻmlik qurilish materiallari tarqatilgan.

Viloyatdagi xotin-qizlarning bandligini taʼminlash uchun 120 million soʻmlik maishiy texnikalar olib berilgan.

Hududda xotin-qizlarning oilaviy sharoiti, ijtimoiy ahvoli, imkoniyati, qiziqishlarini oʻrganish va “Ayollar daftari”ni shakllantirish ishlari boshlanib, unga bugungi kungacha 5 ming 696 nafar ayollar kiritilgan.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning 883 nafari ishga joylashtirilgan, 80 nafariga tijorat banklari tomonidan 1,8 milliard soʻmlik imtiyozli kreditlar berilgan, 741 nafari kasb-hunarga oʻqitilgan.

Bundan tashqari, majlisda viloyatni rivojlantirish borasida oʻz yechimini kutib turgan ayrim muammo va kamchiliklar borligi ham qayd etildi.

Jumladan, oqova tizim boʻyicha viloyatning Paxtakor, Doʻstlik, Mirzachoʻl va Zarbdor tumanlari markazlarida kanalizatsiya tizimlari 1970-1980-yillarda qurilgan boʻlib, mavjud inshootlar va tarmoqlar oʻz muddatini oʻtab boʻlgan va taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan.

Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani “Toshkent-6” gaz taqsimlash stansiyasi orqali tabiiy gaz bilan taʼminlanadi, mazkur hududlarda aholi soni yildan-yilga koʻpayayotganligi va ularning gazga boʻlgan ehtiyoji ortishi natijasida qish mavsumida tabiiy gaz taʼminotida muammolar kuzatilmoqda.

“Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini Jizzax shahrida aprobatsiya qilish jarayonida qator muammolar aniqlangan. Masalan, shahardagi mavjud 52 ta shirkatdan 13 tasining moliyaviy holati qoniqarli boʻlsa, 21 tasi qoniqarsiz, 18 tasi moliyaviy nochor yoki oʻta boqimanda holatga tushib qolgan.

Hozirgi kunda Zomin milliy tabiat bogʻi, Zomin davlat qoʻriqxonasi, Zomin davlat oʻrmon xoʻjaligi hududlaridagi 3800-4300 gektar maydonga ega archazorlar tabiiy zararkunanda va kasalliklarga chalingan.

Yangiobod tumani madaniyat boʻlimi joylashgan bino tashlandiq ahvolda. 2019-yil Investitsiya dasturiga kiritilgan Baxmal tumani madaniyat markazi binosida qurilish ishlari yakuniga yetmasdan toʻxtab qolgan.

Majlisda viloyatni oʻrganish yakunlari xalq deputatlari viloyat Kengashining 2020-yil 10-sentyabrdagi sessiyasida tanqidiy muhokama etilganligi, unda viloyat darajasidagi muammolarni hal etish boʻyicha 75 banddan iborat “Yoʻl xaritasi” tasdiqlanganligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar koʻrish zarurligi taʼkidlandi. Bu borada mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari tinglandi va muhokama etildi.

Viloyatda oʻz yechimini kutib turgan respublika darajasidagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha tegishli qaror qabul qilindi va ularning ijrosi yuzasidan senatorlik nazoratini yoʻlga qoʻyish belgilandi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni tasdiqlandi.

Shuningdek, Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlari ham tasdiqlandi.

Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining sakkizinchi yalpi majlisi oʻz ishini yakunladi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati

OʻzA