Ilm-fan barcha sohalarni fundamental rivojlantirish uchun asos boʻladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-oktabr kuni poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek va Yunusobod tumanlarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishdi.
Birinchi obyekt Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Geologiya fanlari universiteti boʻldi. Davlatimiz rahbari joriy yil 31-yanvar kuni ushbu yangi oliy oʻquv yurti qurilishiga tamal toshi qoʻygan edi. Bugunga kelib binolar ancha qad koʻtarib qoldi.
geologiya_fanlari_universiteti_uchinchi_renessans_poydevorla.jpg
Loyiha doirasida 6 ta koʻp qavatli imorat barpo etilishi va 4 tasi rekonstruksiya qilinishi koʻzda tutilgan. Hozirgi birinchi bosqichda oʻquv korpusi, Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti, Mineral resurslar instituti, Geologiya va geofizika instituti, Geologiya muzeyi binolari, kutubxona, yotoqxona bunyod etilmoqda.
Prezident bu yerga yana kelib, qurilish ishlari va rejalar bilan shaxsan tanishgani bejiz emas.
– Ilm bizning qonimizda, genimizda bor. Bu markaz ham uchinchi Renessans poydevorlaridan biri, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari joriy yil 24-yanvarda Oliy Majlisga Murojaatnomada hamda 31-yanvar kuni ilm-fan vakillari bilan uchrashuvda geologiya sohasini rivojlantirishga doir dolzarb vazifalarni belgilab bergan edi.
Mamlakatimizda foydali qazilmalarning 70 dan ziyod turi boʻyicha 2 mingdan ortiq konlar aniqlangan. Lekin qazib olish va qayta ishlash oson boʻlgan konlar tobora kamayib borayotgani qayd etilgan edi.
Yangi konlar topish uchun yer qaʼrining chuqurroq qatlamlarini oʻrganish, murakkab tarkibli konlarni oʻzlashtirish boʻyicha sohaga ilmiy asoslangan ilgʻor usullar va innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilishni zamonning oʻzi taqozo etayotgani taʼkidlangan edi.
Shu asosda mamlakatimizda yangi geologiya tizimi yaratilmoqda. Prezidentimizning bu sohaga oid 4 ta qarori qabul qilindi.
Jumladan, shu yil 8-iyun kuni “Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori imzolandi.
Mazkur universitet geologiya sohasi ehtiyojlari uchun zarur mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini hozirgi zamon talablariga toʻliq moslashtirish, ilm-fan va amaliyot oʻrtasida uzviy bogʻliqlikni taʼminlash, yer haqidagi fanlar, jumladan, ularning fundamental yoʻnalishlari hamda amaliyot oʻrtasida real integratsiyalashuv jarayoni uchun shart-sharoitlar yaratish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishning aniq mezonlari va samarali mexanizmlarini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yaʼni, Geologiya fanlari universiteti sohadagi ilmiy muassasalarni jamlagan yaxlit majmua boʻladi. Uning tarkibiga 4 ta ilmiy-tadqiqot instituti kirgan. Ilgari ular tarqoq joylashgan edi. Shuningdek, bu yerga Geologiya muzeyi koʻchirib kelinadi. Sohadagi muassasalar bir joyda boʻlishi mutaxassislarning yaqin hamkorlikda ishlashi, talabalarning ilmiy laboratoriyalarda amaliyot oʻtashini taʼminlaydi. Bu esa binolarga xizmat koʻrsatish uchun ham qulay va tejamkor.
Davlatimiz rahbari shu yerda ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari bilan suhbatlashdi.
– Ilm-fan barcha sohalarni fundamental rivojlantirish uchun asos. Avvaldan eʼtibor berganimizda, geologiyaning hamma yoʻnalishlari boʻyicha 15-20 foiz aholini ish bilan taʼminlashimiz mumkin edi. Mana endi olimlarga sharoit yaratishga harakat qilyapmiz, intellektual mulkni asrab, qoʻllab-quvvatlayapmiz. Intellektual mulk uning egasiga ham, davlatga ham manfaat keltiradi, – dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev ushbu dargohda yaratiladigan sharoitlar bilan qiziqib, qurilish sifatli, laboratoriyalar yuqori texnologiyali boʻlishi kerakligini taʼkidladi.
– Zamin mustahkam boʻlishi kerak. Biz bu universitetni kelajak uchun quryapmiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu yerda loyihaning ikkinchi bosqichi taqdimot qilindi. Bu bosqichda Davlat geologiya qoʻmitasi binosi, Geologiya axborot markazi, Geoinnovatsion texnologiyalar markazi, avtoturargoh barpo etilishi rejalashtirilgan.
Prezidentimiz poytaxtimizdagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkida ham boʻldi.
Majmua shou-rumida qurilishi boshlangan binolar, ularda boʻladigan sharoitlar haqida maʼlumot berildi. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning oʻquvchilari ishtirokida yaratilgan dasturiy mahsulotlar namoyish etildi.
Davlatimiz rahbari Qoraqalpogʻistonning Boʻzatov tumanidagi IT-markazda saboq olayotgan bolalar bilan videokonferensaloqa orqali muloqot qildi.
489fea7d-824e-93cd-2382-71103d8f11b3.jpg
Mutasaddilarga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktab bilan hududlardagi axborot texnologiya maktablari integratsiyasini taʼminlash, yoshlarning zamonaviy texnologiyalarga qiziqishini toʻgʻri yoʻnaltirib, yetuk mutaxassislar etib tayyorlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Galdagi bunyodkorlik ishlarining borishi koʻzdan kechirildi.
Mazkur zamonaviy majmua qurilishi oʻtgan yili 20-noyabrda boshlangan edi. Bu yerda bosqichma-bosqich 17 ta imorat, jumladan, 20-25 qavatli ofis binolari, 22 qavatli mehmonxona, universitet, konferensiya zali, kovorking markazi va boshqa obyektlar barpo etiladi. Inshootlar 9 balli zilzilaga chidamli boʻladi. Yer ostida 3 qavatli avtoturargoh quriladi. Majmua hududida kafe va restoranlar, doʻkonlar, masjid, sport maydonlari, dam olish joylari ham boʻladi.
Ushbu IT-parkning dastlabki 2 ta binosi foydalanishga topshirilgan. Ularda eng zamonaviy qulayliklar yaratilib, istiqbolli startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari tashkil etilgan. IT-park rezidentlari sifatida roʻyxatdan oʻtgan korxonalar 2028-yil 1-yanvarga qadar soliqlar va bojxona toʻlovlaridan ozod etilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Yunusobod tumanida barpo etilayotgan Toshkent Arxitektura-qurilish institutining yangi binosini borib koʻrdi.
Qurilish ishlari joriy yil iyul oyida boshlangan edi. 5 qavatli ikkita oʻquv korpusi, 8 qavatli maʼmuriy bino va 4 qavatli yotoqxona qad koʻtarmoqda.
Bugungi kunda institutda 5 ming 400 dan ziyod talaba taʼlim oladi. 2020/2021 oʻquv yilidan kredit-modul tizimiga oʻtish natijasida 18 ta bakalavr taʼlim yoʻnalishi va 23 ta magistratura mutaxassisligi ochildi. Boʻlgʻusi quruvchilarga zamonaviy bilim berish maqsadida “aqlli” uylar va shaharlar infratuzilmasini loyihalash, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi, inshootlar zilzilabardoshligi kabi yangi yoʻnalishlar dasturga kiritildi.
Binolar foydalanishga topshirilgach, talabalarni qabul qilish qamrovi va taʼlim sifati ortadi.
– Oxirgi yillarda mamlakatimizda qurilish sohasi rivojlandi, katta-katta inshootlar, zavodlar, uylar barpo etilmoqda. Lekin kim loyiha qilyapti, kim quryapti, qanday quryapti, degan savollar koʻndalang turibdi. Bu yerda zamonaviy qurilish industriyasiga mos yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari institut yonidagi 8-avtobus saroyini ham kirib koʻrdi. Bu avtoparkni boshqa joyga koʻchirib, zamonaviy shart-sharoitlar yaratib berish, uning oʻrnida qurilish materiallari boʻyicha ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etish taklifi bildirildi.
– Bu hudud quruvchilar massivi boʻlishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Arxitektura-qurilish institutining murabbiylari, ilmiy-tadqiqot markazi mutaxassislari va ularning oilalari uchun ijtimoiy obyektlar ham barpo etilishi aytildi.
Davlatimiz rahbari poytaxtimizda barpo etilayotgan “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi va Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasining yangi binolari bilan tanishdi.
Mamlakatimizda yuksak intellektual salohiyatga, zamonaviy fikrlash qobiliyati va dunyoqarashga ega, davlatimiz manfaatlari hamda suverenitetini fidokorona himoya qilishga qodir boʻlgan yosh avlodni tarbiyalash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Prezidentimizning 2019-yil 28-iyundagi “Oʻsmirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan harbiy sohadagi vazirlik va idoralar tarkibida “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylarini tashkil etish belgilangan edi.
“Temurbeklar maktabi” chinakam vatanparvar avlodlarni kamol toptiruvchi harbiy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Mazkur dargohda xalqimizning maʼnaviy-maʼrifiy qadriyatlariga sodiq, halol, vatanparvar, milliy gʻururi baland, buyuk ajdodlarimiz, avvalo, Amir Temurning bebaho merosini chuqur oʻrgangan, qatʼiy hayotiy qarashlar va faol fuqarolik pozitsiyasiga ega oʻquvchilar tarbiyalanadi.
Qarorga muvofiq, “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylarini tashkil etish va ularning oʻquv-tarbiyaviy jarayonini takomillashtirish boʻyicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. 2020/2021 oʻquv yilidan mazkur taʼlim muassasalariga oʻquvchilar qabul qilindi.
Poytaxtimizdagi “Temurbeklar maktabi”ga ham tanlov asosida 100 nafar, shuningdek, imtiyoz asosida Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, vafot etgan harbiy xizmatchilar va koʻmakka muhtoj oilalarning 10 nafar farzandi, jami 110 nafar oʻquvchi qabul qilindi.
Oʻquv dargohining shaxsiy tarkibi ham tanlov orqali shakllantirildi. Yaʼni, 660 nafar oʻqituvchilar orasidan 21 nafar yuqori bilimli va malakali pedagog kadrlar tanlab olindi.
Qarordagi ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun ilgarigi harbiy-akademik litseylar va “Temurbeklar maktablari” faoliyati oʻrganildi. Natijada “Temurbeklar maktabi”ga xos oʻquv muassasasining aniq dasturi ishlab chiqildi. Bunda fanlararo integratsiya va intensiv taʼlim inobatga olingan boʻlib, bir-biriga uzviy bogʻliq fanlar integratsiya asosida oʻqitiladi. Natijada ikki yillik taʼlim standartini bir yilda oʻzlashtirish koʻzda tutilgan.
Maktab ikki yillik boʻlib, ona tili va xorijiy tillar chuqur oʻrgatiladi. Oʻquvchilar ikkinchi yili mustaqil fanlarga yoʻnaltiriladi.
Davlatimiz rahbariga “Temurbeklar maktabi” faoliyati, oʻquv jarayoni, qurilayotgan yangi bino va inshootlar haqida maʼlumot berildi.
Maktab uchun oʻquv korpusi, yotoqxona, oshxona barpo etilmoqda, akademiyaning mavjud binolari rekonstruksiya qilinmoqda. Majmuada, shuningdek, jismoniy-harbiy mashgʻulotlar maydoni, stadion, avtodrom, plas va boshqa obyektlar boʻladi.
Prezidentimiz maktabda ona tili va tarix fanlaridan tashqari, xorijiy tillarni mukammal oʻqitish zarurligini taʼkidladi.
– Bu dargohda haqiqiy vatanparvar avlod tarbiyalanishi zarur. Maktabda shunday sharoit yaratish kerakki, bu yerda taʼlim olgan yoshlar harbiy sohalar kadrlar zaxirasini toʻldirishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, oʻquvchilarga yurtimiz tarixi va milliy qadriyatlarimizni chuqur oʻrgatish, darslarga har bir fan boʻyicha yetakchi pedagoglarni jalb etish muhimligini taʼkidladi.
Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasida bugungi zamonaviy tahdidlarga qarshi tura oladigan mutaxassis kadrlar tayyorlash yuzasidan tavsiyalar berildi.

 

Ziyodulla JONIBEKOV, Abdulaziz MUSAYEV, Matnazar ELMURODOV, OʻzA