Odil sudlov sohasidagi islohotlar

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni odil sudlov tizimini isloh qilish sohasida yana bir muhim qadam boʻldi.

Mazkur farmon fuqarolarning sudlarga boʻlgan ishonchini mustahkamlashda, odil sudlovga erishishda, shuningdek qonuniy sud qarorlarini qabul qilishda katta ahamiyatga egadir. Bugungi kunda faoliyat yuritayotgan viloyat darajasidagi fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlar 2021-yilning 1-yanvaridan birlashtirilib, sudyalarning ixtisoslashuvi saqlab qolingan holda sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlaridan iborat boʻlgan yagona umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi.Farmonning yana bir muhim jihati shundan iboratki, maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolati maʼmuriy sudlardan jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkazilishi belgilanmoqda. Maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni koʻrishga ixtisoslashtirilgan maʼmuriy sudlarni tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) maʼmuriy sudlarini tugatish hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari saqlab qolinishi va tumanlararo maʼmuriy sudlar tashkil etilishi nazarda tutilgan.Prokuratura organlari tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori boʻyicha ishlarni mazkur ishlar boʻyicha faqatgina taraflarning shikoyati boʻlgandagina suddan chaqirib olib oʻrganish tartibi belgilanib, shu orqali prokurorning oʻz tashabbusiga koʻra sud ishlarini oʻrganish amaliyotiga barham beriladi.

Shuningdek, farmon bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibida investitsiya va raqobat bilan bogʻliq ishlarni koʻrish vakolati berilgan sud hayʼati va alohida boshqarma, viloyat darajasidagi sudlarda matbuot xizmati tashkil etilishi, sudyalarning maqomi, ularning moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, sudlar faoliyatiga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hamda sud apparati xodimlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq birqancha yangiliklar nazarda tutilgan.

Xulosa qilib aytganda, mazkur farmon sud ishlarini yuritishning protsessual mexanizmi takomillashishiga, fuqarolarning sudlarga ishonchi oshishiga, sudyalarning chinakam mustaqilligi taʼminlanishiga, shuningdek Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, “Sud binosiga kelgan har bir inson Oʻzbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishiga” xizmat qiladi.

I.ALLANIYAZOV,
Jinoyat ishlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston
Respublikasi Xoʻjayli tumani sudi raisi

 

OʻzA