Oʻzbekiston Jahon xayriya indeksida 25 oʻrinda

Davlatning volontyorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashi nafaqat muhtojlarga samarali yordam berish, balki butun jamiyat taraqqiyotiga hissa qoʻshishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Adliya vazirligi Nodavlat notijorat tashkilotlar boshqarmasi bosh maslahatchisi
Zafar Mustafaqulov ishtirokida oʻtgan brifingda volontyorlik faoliyatiga oid maʼlumot taqdim etildi.
Taʼkidlanishicha, volontyorlik – jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab bepul asosda amalga oshiriladigan, erkin xohish-irodaga koʻra bajariladigan, ijtimoiy jihatdan yoʻnaltirilgan, jamoat uchun foydali boʻlgan ixtiyoriy faoliyat hisoblanib, jamiyat ijtimoiy sohasining rivojlanishiga taʼsir koʻrsatadigan murakkab va koʻp qirrali ijtimoiy hodisa hisoblanadi. Volontyorlik tegishlicha shakllanish va rivojlanish yoʻlini bosib oʻtib, “ijtimoiy ish” kabi kasbiy faoliyatning vujudga kelishi uchun asos boʻladi.
– Volontyorlikning muhimligi – jamiyatdagi ijtimoiy keskinlikni kamaytirish va dolzarb ijtimoiy muammolarni yengillashtirishidir, – deydi Z.Mustafaqulov.- Bugungi kunda volontyorlik ishlari butun dunyoda jadal surʼatlar bilan rivojlanmoqda. Bu holat, birinchi navbatda, jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlarga bogʻliq boʻlib, bozor munosabatlarining shakllanishi hamda xususiy biznesni rivojlantirishga yordam bermoqda.
Xayrli ishlar, volontyorlik, xayriya faoliyati odamlarni turli maqsadlarga undaydi. Xayriya baʼzilarda insonlarga nisbatan mehr-shafqat uygʻotsa, boshqalar uchun foyda keltiradigan faoliyatdir.
Tahlillarga koʻra, bugungi kunda 80 dan ortiq mamlakatlarda yirik professional volontyorlik tashkilotlari mavjud. Davlatlar tomonidan katta yordam koʻrsatilayotgani bois, koʻngillilar sektori jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining muhim tarkibiy boʻlagiga aylanib bormoqda. Koʻngillilar oʻz faoliyati davomida qator muhim ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatadi, ular muayyan tovarlarni ishlab chiqaradi, oʻz manbalari hisobidan jamiyatning ehtiyojmand qatlamlarini qanoatlantiradi. Davlat organlarining ayrim vazifalarini zimmasiga oladi va bu byudjet mablagʻlarini iqtisod qilishga imkon beradi. Koʻngillilik, ayniqsa, yoshlarni jamiyat hayotiga faol kirishish jarayonlariga koʻmaklashish, zarur ish tajribasini toʻplash, mehnat bozori talablari boʻyicha malaka va koʻnikma hosil qilish, ijtimoiy munosabatlarda ularning faolligini oshirishga turtki beradi.
Jahon xayriya indeksi (The World Giving Index) – dunyo mamlakatlarining yutuqlarini aholining xayriyaga munosabati nuqtayi nazaridan oʻlchaydigan koʻrsatkichdir. Jahon xayriya indeksi 153 mamlakatni oʻz ichiga oladi va bu mamlakatlar aholisining xayriya sohasida qanchalik faol ekanligini koʻrsatadi. Bugungi kunda mazkur xayriya indeksida mamlakatimiz 25 oʻrinni egallab turibdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ham nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birga volontyorlar kuchidan foydalangan holda xayriya tadbirlari oʻtkazib kelinmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston nogironlar jamiyati, Oʻzbekiston nogiron ishbilarmon ayollar milliy assotsiatsiyasi va turli tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda nogironligi boʻlgan shaxslarni yana-da qoʻllab-quvvatlash boʻyicha 2018-yildan boshlab “Biz birgamiz!” (“Mы vmeste!” “We are together!”) ijtimoiy loyihasini amalga oshirib kelinmoqda.
Loyihaning birinchi bosqichida oʻz uylarida turli xildagi mahsulotlar tayyorlash bilan shugʻullanadigan, biroq ularni realizatsiya qilishda qiyinchiliklarga uchrayotgan nogironligi boʻlgan shaxslarning tayyorlagan mahsulotlarini realizatsiya qilish uchun yirik savdo majmualarida bevosita Adliya vazirligining koʻmagida imtiyozli asosda maxsus savdo rastalari tashkil qilinib, ushbu savdo majmualari rahbarlari bilan hamkorlik boʻyicha uzoq muddatli kelishuvlar imzolangan edi.
Loyihaning ikkinchi bosqichida Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan “ECOBOZOR” savdo majmuasida vazirlik tomonidan Nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar 1-respublika savdo yarmarkasi oʻtkazib kelinmoqda.
Nogironligi boʻlgan shaxslarni jamiyatga integratsiyasi va tadbirkorligini rivojlantirishga koʻmaklashish, aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini erkin mehnat qilishi huquqlarini taʼminlash nafaqat davlat organlarining, balki nodavlat notijorat tashkilotlarining ham vazifasi hisoblanadi.
Shu bois, navbatdagi yarmarka joriy yilning oktyabr oyida “Biz birgamiz” ijtimoiy loyihasi doirasida vazirlik hamda “Madad” – muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti bilan birgalikda ijtimoiy sheriklik asosida oʻtkazilishi rejalashtirildi.
Volontyorlar faoliyatidan foydalanishda, amalga oshiriladigan ishlarning ogʻirligiga qarab volontyorlarni tegishli tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, rejalashtirilgan mehnat turi boʻyicha toʻliq maʼlumotlarga ega boʻlishi, mehnat turi va shart-sharoitdan kelib chiqib maxsus kiyim-bosh, bajarayotgan ish hajmi va koʻlamiga qarab maosh, shuningdek, turarjoy, tibbiy xizmat va issiq ovqat bilan taʼminlash, mehnat obyektini tanlashda xavfsizlik darajasi, yoshlarning sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatmaslik kabi jihatlar eʼtiborga olinishi lozim.

 

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA