Yurtimizga investitsiya kiritishda qaysi davlat peshqadam?

Mamlakatimizda xorijiy kapital ishtirokida yangi tashkil etilgan korxona va tashkilotlarning soni yil sayin ortmoqda.
Misol uchun, joriy yilning 1-oktyabr holatiga koʻra, ularning soni 1237 tani tashkil etdi.
Davlat statistika qoʻmitasining matbuot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, 2020-yilning 1-oktyabr holatiga koʻra, yurtimizda roʻyxatdan oʻtgan korxona va tashkilotlar soni 11,9 mingtani tashkil etdi. Ulardan 11,3 mingtasi faoliyat yuritmoqda. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,8 mingtaga oshgan.
Agarda xorijiy kapital ishtirokida faoliyat koʻrsatayotgan korxonalarning davlatlar kesimida koʻradigan boʻlsak, bu borada Xitoy – 1757 ta bilan peshqadamlik qilmoqda.
Roʻyxatda keyingi oʻrnida Turkiya – 1464 ta, Koreya – 863 ta, AQSH – 276 ta, Germaniya – 193 ta korxona va tashkilot soni bilan faol hissa qoʻshmoqda.
Albatta, koʻpchilikda yangi tashkil etilgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning qaysi sohalarda faoliyat yuritayotgani qiziq boʻlishi mumkin. Bizdagi maʼlumotlarga koʻra, ularning eng koʻpi yaʼni 371 tasi savdo, 343 tasi sanoat, 135 tasi qurilish yoʻnalishi uchun tanlagan.
Shuningdek, qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligi – 94 ta, ovqatlanish xizmati – 53 ta, axborot va aloqa boʻyicha 42 ta ekanidan bu tarmoqlar ham xorijliklar eʼtiborida ekanini koʻrishimiz mumkin.

 

OʻzA