Tovar kodini almashtirish ish bermadi

Tovarlarning kodini oʻzgartirib, bojxona toʻlovlaridan qochish, pirovardida yashirin iqtisodiyotga qoʻl urishga boʻlgan urinishlar bojxona xodimlari tomonidan oʻz vaqtida fosh etilmoqda.
Xorijda ishlab chiqarilgan tovarlarning importi amalga oshirilganida bojxona toʻlovlarining toʻgʻri hisoblanishi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi boʻyicha qoʻllanilgan tovar kodiga bevosita bogʻliqdir. Tovar kodini boshqa tovar kodi bilan almashtirib taqdim etish “yashirin iqtisodiyot”ning ildiz otishiga zamin yaratadi.
Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Nukus” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan hududda faoliyat yurituvchi masʼuliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga olib kelingan “rulonlarda sinklangan poʻlat” tovarining hujjatlari tekshirilganida taqdim etilgan kodlar bojxonachilarda shubha uygʻotdi.
Natijada boshqarmaning Tashqi iqtisodiy faoliyatni notarif tartibga solishni nazorat qilish va bojxona ekspertizasi guruhi tomonidan ekspertiza tayinlandi. Uning natijasiga koʻra, hujjatlarda mazkur tovarning kodi boshqa tovar kodiga yaʼni boʻyalgan poʻlat rulonlariga almashtirib taqdim etilganligi aniqlandi va umumiy ogʻirligi 209 tonnaga teng boʻlgan mazkur tovarga 160 million soʻm qiymatida qoʻshimcha bojxona toʻlovi hisoblandi.
Mazkur holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA