Bogʻchalar qachon ochilishi maʼlum qilindi

7-14-sentyabr kunlari Toshkent va Toshkent viloyati tumanlarida bittadan 5-7 yoshli bolalar uchun maktabgacha taʼlim tashkilotlarining tayyorlov guruhlari ochilmoqda. 14-sentyabrdan boshlab ushbu jarayon mamlakat boʻylab bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. 4-5 yoshli bolalar uchun oʻrta guruhlar ochilishi oktyabr oyiga, 3 yoshli bolalardan iborat kichik guruhlar ochilishi esa noyabr oyiga rejalashtirilmoqda.

Bu haqda Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan bogʻchalar faoliyatini qayta yoʻlga qoʻyish, pandemiya sharoitida tarbiyalanuvchilar salomatligini asrash yuzasidan oʻtkazilgan anjumanda maʼlum qilindi.

– Ochilish muddatlari mamlakatdagi epidemiologik vaziyatga qarab oʻzgarishi mumkin, – dedi maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin. – Elektron navbat faoliyati joriy yilning noyabr oyigacha ishlamay turadi. Hozircha barcha saʼy-harakatlarimiz MTTga qatnashni boshlagan tarbiyalanuvchilar uchun xavfsiz sharoitlar yaratishga yoʻnaltirilgan.

Anjumanda taʼkidlanishicha, guruh uchun tavsiya qilingan bolalarning maksimal soni 15 nafar. Maktabgacha taʼlim muassasalari mutaxassislari pandemiya sharoitida ishlashni oʻrganishi, vazirlik esa koʻnikma orttirib ulardan xulosa chiqarishi koʻzda tutilmoqda.

3 yoshli bolalar ijtimoiy masofa va gigiyena ahamiyatini tushunmasligi, bu esa ular va atrofidagilar salomatligini xavf ostiga qoʻyishi mumkinligi inobatga olinib, MTTga borishni davom ettirish jiddiy zarurat boʻlgan hollardagina tavsiya qilinmoqda.

– Amalga oshirilgan chora-tadbirlar, koʻrilayotgan tayyorgarliklarga qaramay, bola uchun qadrdon uyidan xavfsizroq joy yoʻq, – dedi A.Shin. – Tarbiyalanuvchi oʻrni MTTda saqlab qolinadi. Qolaversa, ota-onalar erkin qatnov tartibini ham tanlashi mumkin.

 

Mohigul Qosimova, OʻzA