Akademik Telman Rajabov vafoti munosabati bilan hamdardlik

Akademik

Telman Rajabov

Oʻzbekiston ilm-fani ogʻir judolikka uchradi.

Materialshunoslik fizikasi, ilmiy asbobsozlik va mikroelektronlar texnikasi sohasidagi taniqli olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Telman Rajabov shu yil 12-avgustda 85 yoshida vafot etdi.

T.Rajabov 1935-yil 15-avgustda Samarqand shahrida tugʻildi. 1959-yili N.Bauman nomidagi Moskva texnika universitetini tugatib, keyinchalik mazkur universitet aspiranturasida tahsil oldi. 1966-yili nomzodlik, 1980-yili doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi koʻp yillik xizmatlari uchun 1995-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi.

Oʻz mehnat faoliyatini 1959-yilda Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida kichik ilmiy xodim sifatida boshlagan isteʼdodli olim qariyb 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Elektronika instituti laboratoriya mudiri, Markaziy ilmiy asbobsozlik konstruktorlik va texnologik byurosi direktori, Toshkent elektrotexnika aloqasi instituti rektori, Markaziy Osiyo telekommunikatsiya oʻquv markazi direktori, Toshkent elektrotexnika aloqasi institutining kafedra mudiri lavozimlarida samarali mehnat qilib, Oʻzbekistonda ilm-fan va taʼlim sohalarini rivojlantirish hamda yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qoʻshdi.

Telman Rajabov mamlakatimizda fizikaviy materialshunoslik va mikroelektronikani ilmiy asbobsozlikda qoʻllash ilmiy yoʻnalishining asoschisi sifatida tanildi. Ushbu sohaning dolzarb ilmiy va amaliy masalalariga bagʻishlangan koʻplab maqola va tadqiqotlari, monografiya va risolalari yurtimiz va chet el ilmiy jamoatchiligining eʼtirofiga sazovor boʻldi.

Jonkuyar ustoz sifatida koʻplab yoshlarga saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida oʻnlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.

Akademik T.Rajabovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Taniqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Telman Rajabovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Narbayeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, B.Yoʻldoshev

 

OʻzА