Nukusdagi yirik savdo majmuasi ochilishiga ruxsat berildi

Nukus shahar savdo majmuasining shahar markazidan sanitariya-epidemiologik tomondan xavfsiz oʻrinda joylashganini hamda mazkur obyektda ijtimoiy masofani saqlash imkoniyati mavjudligini hisobga olib joriy yilning 10-avgust sanasidan boshlab majmua faoliyatiga karantin talablariga qatʼiy amal qilgan holda ruxsat etilmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash tadbirlarini muvofiqlashtirish boʻyicha operativ Shtabi bu haqda maxsus bayon qabul qildi.
Bayon bilan yoʻlovchi tashuvchi baʼzi transport turlari faoliyatiga ham ruxsat berildi.
Bunda Nukus shahar savdo majmuasiga fuqarolarning kelib ketishi uchun yoʻlovchi tashish uchun litsenziyasiga ega boʻlgan yoʻnalishsiz taksilarning kun davomida harakatlanishiga belgilangan qoidalar asosida ruxsat etiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi Q. Sariyev mazkur savdo majmuasi atrofida obodonlashtirish ishlarini olib borish boʻyicha mutasaddilarga topshiriq berdi.
Unga koʻra, birinchi navbatda savdo majmuasining oldingi tomonidagi avtotransportlar turargohiga asfalt yotqizish ishlari amalga oshiriladi.
Xabarlarga koʻra, baʼzi tumanlarga (Amudaryo, Ellikqalʼa, Toʻrtkoʻl, Beruniy va Qoʻngʻirot) qatnaydigan yoʻnalishsiz taksilarning turargohi ham shu savdo majmuasiga koʻchirilishi rejalashtirilmoqda.

 

Y. Qanoatov, OʻzA