JSST Turkmanistonda kishilarni tanlash yoʻli bilan koronavirusga tekshiradi

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Turkmanistonda aholini terib-terib koronavirus tahlilidan oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Sputnik” xabar tarqatgan.
Mazkur xalqaro tuzilma ayni jarayonni tashkil etish va amalga oshirish uchun mamlakat prezidentining roziligini oldi. Bu haqda JSST Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, tashkilotni Turkmanistonda “COVID-19”siz pnevmoniya holati koʻpayib borayotgani tashvishga solmoqda.
Rasmiy maʼlumotlar hozircha ushbu mamlakatda birorta ham koronavirus holati uchramaganidan darak bermoqda.
Kecha prezident Berdimuhamedov JSST Bosh direktori bilan suhbatlashgan va koronavirus genomini oʻrganishni taklif etgan.
Gurbanguli Berdimuhamedov ayni tadbir virusning kelib chiqishi, kasallikning tarqalish yoʻllari va turlanishi (mutatsiyasi)ni anglab yetishga yordam beradi, deya ishonmoqda.

 

OʻzA