“Qoraqalpogʻiston muallimi” gazetasi chop etildi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-taʼlim va adabiy-madaniy yoʻnalishdagi “Qoraqalpogʻiston muallimi” gazetasining ilk soni chop etildi.
Yangidan tashkil etilgan nashrning birinchi sahifasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Amanjol Ayapovning “Parvozing baland boʻlgay!” sarlavhali maqolasi bilan boshlanadi. Unda qayd etilganidek, oʻtgan yil matbuot va axborot sohasi uchun ahamiyatli boʻldi. Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlar ommaviy axborot vositalari xodimlariga boʻlgan diqqat-eʼtiborning kuchayganidan dalolat beradi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori buning yaqqol isbotidir. Qaror ijrosini taʼminlash, shuningdek, koʻp sonli muallim-ustozlarning ilgʻor tajribalarini ommalashtirish maqsadida ushbu gazetaga asos solindi.
Gazetaning ilk sonida shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi Oysuluv Tajimuratovaning, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi, Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Sharap Usnatdinovning, akademik Jumanazar Bozorboyevning yangi nashr jamoasiga tilaklari oʻrin olgan. Gazetada qoraqalpoq, oʻzbek va rus tillaridagi maqolalar berilib, oyiga toʻrt marotaba chop etiladi. Kelajakda taʼlim sohasi xodimlarining, barcha mushtariylarning eng sevimli nashrlaridan biri boʻlib qolishiga ishonamiz.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA