Bemorlarni davolash yoʻlida jonini fido qildi

Butun jahonni larzaga solayotgan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishda birinchi navbatda shifokorlar, barcha tibbiyot xodimlari fidoyilik koʻrsatmoqda. 
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, dunyo boʻylab, xususan, mamlakatimizda shifokorlarning oʻz kasbiga sadoqati, xalqimiz, ota-onalarimiz, farzandlarimiz sogʻligʻi yoʻlida tunu kun qilayotgan mehnati barchamiz uchun jasorat namunasi boʻlmoqda.
Afsuski, koronavirus bilan qarshi kurashishda ayrim tibbiyot xodimlari vafot etmoqda. Shulardan biri, respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpogʻiston filiali nevrologiya boʻlimining katta hamshirasi Zulfiya Djumaniyazova koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning salomatligini tiklash yoʻlida oʻz jonini fido qildi.
Z.Djumaniyazova 1964-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahrida tugʻildi. 1984-yilda Moskva shahridagi tibbiyot bilim yurtini tugatib, oʻz mehnat faoliyatini U.Xalmuratov nomidagi Respublika koʻp tarmoqli tibbiyot markazi jonlantirish boʻlimida hamshira boʻlib ishlashdan boshladi. 1996-2001-yillarda akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Nukus filialida katta hamshira boʻlib ishladi. 2001-yildan esa respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpogʻiston filialining dastlab jonlantirish boʻlimida, soʻngra nevrologiya boʻlimining katta hamshirasi boʻlib ishlab keldi.
Oliy toifali hamshira Zulfiya Djumaniyazova mamlakatimizda tibbiyot tizimini rivojlantirish, undagi islohotlarni hayotga tatbiq etish, aholi salomatligini mustahkamlashda, nogironlikning oldini olish borasida fidoyi mehnat qilib kelayotgan xodimlardan biri edi.
Bundan tashqari, yosh talabalarga, yaʼni boʻlgʻusi hamshiralarga, samarali ish uslublarini oʻrgatib, koʻplab shogirdlar tayyorlab keldi. Ayniqsa, tibbiyot muassasasida oʻtkazilgan har bir madaniy-maʼrifiy tadbirlarda faol ishtirok etib, bemorlar, ularning ota-onalari orasida targʻibot va profilaktika ishlarini olib bordi. Bolalar tarbiyasi, ular orasida uchraydigan kasalliklarning oldini olishda ota-onalarining masʼuliyati xususidagi davra suhbatlarida oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashib keldi.
Doimo oʻz ustida ishlab, nazariy bilimlarini oshirib bordi. Oʻzining jonkuyarligi, mehribon va shirinsoʻzligi, mehnatsevarligi bilan bemorlar, hamkasblari va aholining hurmatini qozondi.
Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolashda shifokorlarning yaqin yordamchisi boʻldi. Qanday xizmat buyurilmasin, hech qachon qarshilik bildirmadi.
Oʻz kasbining fidoyisi, yoshlarning sevimli ustozi bu yorugʻ dunyoni tark etdi. Izida uch nafar farzandi, koʻplab shogirdlari qoldi. U 35 yillik mehnat faoliyati davomida yosh hamshiralarga kasbga sadoqat namunasini koʻrsatdi.
Yaqinda davlatimiz rahbarining “Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik koʻrsatgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi. Unda ushbu ofat tufayli yuzaga kelgan murakkab va sinovli kunlarda hayoti va sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyib, mavjud xatarlarga qarshi kurashish, infeksiya keng tarqalishining oldini olish ishlariga qoʻshgan munosib hissasi, zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish yoʻlidagi ulkan jasorati va fidoyiligi uchun bir guruh yurtdoshlarimiz mamlakatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan mukofotlandi. Ular orasida respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qoraqalpogʻiston filiali nevrologiya boʻlimi katta hamshirasi Zulfiya Djumaniyazova vafotidan soʻng “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.
– Bu Zulfiya opaning mehnatiga berilgan haqiqiy baho edi, – deydi shogirdlaridan biri Muslima Tileoʻbergenova. – Oʻz kasbini chin koʻngildan sevadigan, fidoyi, gʻamxoʻr ustozimiz bilan 18 yil davomida birga ishladik. “Yaxshi soʻz-jon ozigʻi”, shuning uchun ham bemorlardan yaxshi soʻzingizni, mehringizni ayama, – deb nasihat berar edi biz yoshlarga.
Qaysi boʻlimda ishlamasin, shogirdlaridan bor bilim va tajribasini ayamadi. Uning sevimli chehrasi, insoniylik fazilati, tibbiyot sohasidagi namunali xizmati hamkasblarining qalbida uzoq saqlanadi.
Oʻz hayoti va sogʻligʻini garovga qoʻyib, pandemiya bilan kurashayotgan shifokorlar, hamshiralar, sanitar xodimlarning kunu-tun fidokorona mehnatlari hech qachon unutilmaydi. Ularning mardlik va jasorati xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun ibrat maktabi boʻlib qoladi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA