OʻzA va “Dunyo”AA hamkorlik qiladi

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi – OʻzA va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining “Dunyo” axborot agentligi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

Bugungi kun barcha sohalar qatori ommaviy axborot vositalari oldiga ham oʻz faoliyatini zamon talablari darajasiga koʻtarishni taqozo etmoqda. Mamlakatimiz hayotining turli jabhalaridagi keng koʻlamli oʻzgarishlar va yangilanish jarayoni haqida xabarlarni xalqimiz va xalqaro hamjamiyatga tezkor va ishonchli yetkazib berish uchun axborot agentliklaridan professional mahorat hamda samarali hamkorlik talab qilinmoqda.

Oʻzbekistonning ikkita yetakchi axborot agentligi oʻrtasida axborot almashish boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni atroflicha yoritish, axborot makonini yana-da tezkor, ishonchli xabarlar bilan taʼminlashda muhim qadam boʻldi.

Memorandumda agentliklar oʻrtasida Oʻzbekiston va dunyoda roʻy berayotgan voqealar toʻgʻrisida muntazam axborot almashish, axborot sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, oʻzaro tajriba almashish, jurnalistlarning mahoratini oshirib borish kabi maqsadlar belgilangan.

Bundan buyon “Dunyo” yangiliklari OʻzA kanallari orqali yana-da keng auditoriyaga tarqatiladi, oʻz navbatida, “Dunyo” AA OʻzA xabarlarini mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali chet ellarda targʻib qilishga hissa qoʻshadi. Bu esa Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi yutuqlaridan dunyo ahlini yana-da kengroq xabardor etishga xizmat qiladi.

 

OʻzA