13-iyuldan boshlab mahalliy yoʻnalishlardagi poyezdlar va avia qatnovlar ham toʻxtatiladi

Respublika maxsus komissiyasi Qarori bilan joriy yil 10-iyuldan eʼtiboran respublika miqyosida transport vositalari harakatiga cheklov oʻrnatildi.
Bugundan avtobuslar harakati ham vaqtinchalik toʻxtatiladi.
Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida oʻtgan brifingda maʼlum qilinishicha, 13-iyul dushanba kunidan eʼtiboran mahalliy yoʻnalishlardagi poyezdlar va avia qatnovlar ham toʻxtatilmoqda.
Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navroʻz Ashurmatovning maʼlum qilishicha, kuchaytirilgan karantin tartibi sharoitida faqatgina Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq xorijiy davlatlardagi fuqarolarimizni vatanga olib kelish boʻyicha repatriatsion reyslar bajariladi.
Chegara punktlaridan fuqarolarni karantin hududlariga yetkazish uchun avtobus tashuvlari amalga oshiriladi. Shuningdek, karantin muddatini oʻtab boʻlgan fuqarolarni reabilitatsiya uchun shifoxonalarga va yashash manzillariga yetkazish temiryoʻl va avtobus tashuvlari orqali amalga oshiriladi.
Shu bilan birga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan “sariq” va “yashil” toifaga kiritilgan mamlakatlardan charter reyslari kelib tushgan arizalarga muvofiq tashkil etiladi.
Shuningdek, yoʻnalishsiz taksilarga yoʻlovchi tashishga quyidagi maxsus talablar asosida ruxsat beriladi:
– Yoʻlovchi tashish uchun avtotransport vositasi salonida haydovchi oʻrindigʻi yoʻlovchilar oʻrindigʻidan shaffof plastik yoki maxsus plyonka bilan toʻsilgan boʻlishi kerak;
– Haydovchi va yoʻlovchi tibbiy niqobda boʻlishi (tibbiy niqobsiz yoʻlovchini tashish taqiqlanadi) lozim;
faqatgina ikki nafar yoʻlovchilarni avtotransport vositasi saloni orqa oʻrindigʻiga oʻtkazilishi kerak;
– Faqatgina avtotransport vositasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan hudud doirasida (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida) harakatlanishi shart.

 

O’zA