857 ta korxonaning faoliyati qayta tiklandi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha jami 16601 ta korxona mavjud boʻlib, karantin davrida 2825 korxona faoliyat yuritmayotgan edi. Qoraqalpgʻiston Respublikasi Davlat soliq boshqarmasi Axborot xizmatining maʼlum qilishicha, hozirda 857 ta korxona faoliyati qayta tiklandi.
Karantin sharoitida mamlakatimizda faoliyat yuritib kelayotgan koʻplab korxonalar faoliyatlarini toʻxtatib turishga majbur boʻlgan edi. Shuningdek, ayrimlari karantin qoidalariga qatʼiy amal qilgan el xizmati yoʻlida ishlashda davom etdi.
Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ellikqalʼa tumanidagi “BOʻSTON CLUSTER” MCHJ ga qarashli “Boʻston optimal tekstil” sexi joriy yilning aprel oyidan ish boshladi. Natijada, 100 nafar kishi ish oʻrni bilan taʼminlandi.
Korxonada har kuni dezinfeksiya qoidalariga qatʼiy amal qilingan holda ish boshlanishidan oldin ishchilarning tana harorati oʻlchanib, ish jarayoni davomida karantin tartib-qoidalariga amal qilinishi nazorat qilinmoqda. Ularga qulaylik yaratish maqsadida, issiq ovqat va kundalik qatnash uchun avtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan.
̶ Korxonamizning loyiha quvvati 5000 tonna paxtani qayta ishlashga moʻljallangan, ̶ deydi uning rahbari Temur Kazakov. ̶ Joriy yil davomida 3 ming 500 tonna ip-kalava va sochiq mahsulotlarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqdamiz. Shuningdek, shu yili eksport hajmini 5 million dollarga oshirishni oʻz oldimizga maqsad qilganmiz.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, tumanda jami 1232 korxona mavjud boʻlib, shundan karantin vaqtida 180 tasi oʻz faoliyatini toʻxtatib turgan edi. Bugundan esa 38 korxona oʻz ishini boshlab yubordi. Ularning ishga tushishi bilan 737 nafar ellikqalʼalik yana oʻzlarining sevimli ishlariga qaytdi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA