Brakonyerlikka qarshi kurash oyligi

Davlat ekologiya qoʻmitasi tomonidan Amudaryoda joriy yil 12-martdan 31-maygacha baliqlarni sanoat maqsadida ovlashga taqiq oʻrnatildi. Shuningdek, May oyi – “Brakonyerlikka qarshi kurash oyi” deb eʼlon qilindi.
Shu munosabat bilan Xorazm viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining Bioxilmaxillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar masalalari boʻlimi davlat inspektorlari tomonidan olib borilgan maxsus reyd tadbirlari tashkil qilinmoqda.
Reyd tadbirlari davomida Oʻzbekiston Respublikasi “Qizil kitobi“ga kiritilgan 3 ta “Orol moʻylobdori“ baligʻini fuqaro D.Q. noqonuniy ovlanganlik holati aniqlandi. Ushbu fuqaroga nisbatan JKning 202-moddasi 3-qismi “j“ bandi bilan Tuproqqaʼla tuman IIB tomonidan jinoiy ish qoʻzgʻatildi.
Shuningdek, Xorazm viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari, Tuproqqaʼla tuman davlat inspektorlari va Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlari 9203-harbiy qism xizmatchilari hamkorligida olib borilgan nazorat tadbirlarida Amudaryoning Tuproqqaʼla tumanidan oqib oʻtuvchi qismida, chegara hududda Xorazm viloyati Hazorasp tumanida yashovchi fuqaro A. M. tomonidan 15 dona laqqa baligʻini taʼqiqlangan usulda, yaʼni 5 ta tuzma qarmoq va toʻr orqali ovlaganlik holati aniqlandi.
Taʼqiqlangan davr, taʼqiqlangan hudud va taqiqlangan usulda baliq ovlagan huquqbuzarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 90-modda 4-qismiga muvofiq maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma rasmiylashtirildi va tegishli tartibda koʻrib chiqish uchun maʼmuriy ishlar boʻyicha sudga hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, ushbu huquqbuzarlik natijasida tabiatga 13 million 380 ming soʻm miqdorda zarar yetkazilgan.
Brakonyerlikka qarshi kurash oyligi davom etmoqda.

 

Ahmadjon SHOKIROV, OʻzA