Senat yalpi majlisi: “Salomatlik” ordeni va “Sogʻlom turmush” medali taʼsis etiladi

Oliy Majlis Senatining toʻrtinchi yalpi majlisi oʻz ishini boshladi. Majlis videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilmoqda.
Yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bormoqda.
Majlisda “Salomatlik” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi hamda “Sogʻlom turmush” medalini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari muhokama etildi.
“Salomatlik” ordenini taʼsis etishni bugungi davrning oʻzi taqazo etmoqda.
Ushbu orden ikki darajadan iborat boʻlib, I darajali “Salomatlik” ordeni bilan tibbiyot sohasini rivojlantirish, zamonaviy talablar asosida takomillashtirish va aholi salomatligini mustahkamlash ishlariga munosib hissa qoʻshganlar taqdirlanadi.
II darajali orden bilan esa aholi salomatligini muhofaza qilish, turli kasalliklarning barvaqt oldini olish va bartaraf etishda faol ishtirok etgan shaxslar mukofotlanadi.
Aholi orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishni keng targʻib qilish, jismoniy tarbiya va badantarbiyani kundalik turmush tarziga aylantirib, jamoatchilikka shaxsiy namuna boʻlayotgan hamyurtlarimiz xizmatlari eʼtirof etish maqsadida “Sogʻlom turmush” medali taʼsis etilmoqda.
“Salomatlik” ordeni hamda “Sogʻlom turmush” medali bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
Ushbu orden va medalning taʼsis etilishi bugungi kunda xalqimiz salomatligi uchun kurashayotgan fidoyi kasb egalari, shuningdek, sinovli kunlarda insoniy fazilatlarini namoyon etayotgan saxovatpesha va mard hamyurtlarimizni maʼnaviy-ruhiy ragʻbatlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Toʻrtinchi yalpi majlis kun tartibidagi mazkur qonunlar senatorlar tomonidan maʼqullandi.

 

OʻzA