Suma CHAKRABARTI: Hamkorlik izchil davom etadi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabartini qabul qildi.
Uchrashuvdan soʻng Suma Chakrabarti OʻzA muxbiriga quyidagilarni soʻzlab berdi:
– Avvalo, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mamlakatingizda keng koʻlamda olib borilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash tarafdori ekanini taʼkidlamoqchiman.
Bu bizning Oʻzbekiston Prezidenti bilan uchinchi uchrashuvimiz. Suhbat chogʻida soʻnggi ikki yilda erishgan investitsiyaviy yutuqlarimiz haqida fikr almashdik, hamkorlikning oʻzaro manfaatli va istiqbolli yoʻnalishlarini belgilab oldik. Joriy yil yakuniga qadar YETTB mamlakatingizga kiritadigan investitsiya hajmini bir milliard yevroga yetkazishni rejalashtirgan.
Eʼtibor bersangiz, bu bor-yoʻgʻi ikki yil ichida yuzaga kelgan raqam. Solishtiradigan boʻlsak, mazkur koʻrsatkich bankning avvalgi oʻn toʻrt yil ichida kiritgan investitsiyasidan ancha koʻp.
Biz islohotlar uchun yangi gʻoyalar haqida suhbatlashdik. Oʻzbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojiga alohida eʼtibor qaratilayotgani diqqatga sazovor. Xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash bankimiz faoliyatining ham asosiy yoʻnalishlaridan biridir. Bu borada qator loyihalarni amalga oshirmoqchimiz.
Yaʼni mamlakatingizga investitsiyalarni kengroq jalb qilish, infratuzilma, kommunal tarmoq, agrosanoat, energetika, bank-moliya va boshqa sohalarda qator oʻzaro manfaatli va istiqbolli loyihalar ishlab chiqish moʻljallanmoqda. Umuman olganda, Oʻzbekistonning iqtisodiyotini barcha yoʻnalishlarda rivojlantirish yoʻlidagi hamkorligimiz bundan buyon ham izchil davom etadi.

 

Z.JONIBEKOV, Aʼlo ADBULLAYEV (surat), OʻzA