Oʻzbekiston Prezidentining Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 mart kuni bugun Prezident vakolatlarini zimmasidan soqit etish toʻgʻrisida eʼlon qilgan Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev bir-birlarini samimiy qutlab, Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining jadal rivojlanib, koʻp qirrali sermahsul hamkorlik kengayib borayotganini alohida mamnuniyat bilan taʼkidladilar.
Oʻzbekiston Prezidenti uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli Oʻzbekiston-Qozogʻiston munosabatlari uchun mustahkam poydevor yaratishga qardosh Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti qoʻshgan hissani yuksak baholadi va chuqur minnatdorlik bilan qayd etdi.
Muloqotda Nursulton Nazarboyev rahbarligida zamonaviy bozor iqtisodiyotiga ega davlat barpo etilgani taʼkidlandi. Tinchlik va barqarorlik, millatlararo va konfessiyalararo totuvlik taʼminlandi, mamlakatning xalqaro maydondagi obroʻsi mustahkamlandi. Bugun Qozogʻiston dunyoning 50 rivojlangan davlatlari sirasiga kiradi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va Qozogʻiston xalqiga xizmat qilish yoʻlida muvaffaqiyatlar tiladi.
Tomonlar davlatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va hamkorlik bundan buyon ham izchil mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

 

OʻzА