Tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar Oʻzbekiston manfaatiga xizmat qiladi

Oʻzbekistonning tashqi siyosat sohasidagi islohotlari, barcha mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash yoʻlini tanlagani yurtimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga rasmiy tashrifi davomida bu yana bir karra isbotini topdi.

Tashrif davomida Berlin va Myunxen shaharlarida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muzokaralarda oʻzaro manfaatli sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishildi. Bu Oʻzbekistondagi islohotlar Germaniyada ham katta qiziqish uygʻotayotgani, ushbu mamlakat yurtimiz bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlariga ilgʻor texnologiyalarni yanada keng joriy etishga intilayotganining yaqqol namoyoni boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga rasmiy tashrifi doirasida Myunxen shahrida ushbu mamlakat yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuvi bu boradagi hamkorlikni yanada faollashtirishga yangi surʼat bagʻishlaydi.

Uchrashuvda “Simens”, “Tissen Krup”, “Folksvagen”, “Knauf”, “Klaas”, “MAN”, “Doyche Ban”, “Linde Grup”, “Falk Porshe Teknik”, “Atlas Interneshnl”, “Tenova”, “Gizike-Devrient”, “Pappenburg”, “Oyler Germes”, “Doyche bank”, “Kommersbank” kabi Yevropa va jahon bozorining yetakchi kompaniyalari, moliyaviy tuzilmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Unda bugungi kunda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tub yangilanish va islohotlar, ayniqsa, iqtisodiyotning erkinlashtirilayotgani mamlakatimizning izchil rivojlanishi va aholi farovonligining yuksalishi uchun shart-sharoit yaratayotgani taʼkidlandi.

Germaniya dunyoning yuksak rivojlangan, ulkan savdo-iqtisodiy resurslar, keng investitsion salohiyat va ilgʻor texnologik ishlanmalarga ega davlatlaridan biridir. Oʻzbekistonning boy tabiiy resurslari, yuqori darajadagi inson kapitali, tarmoqlangan infratuzilmasi, qulay investitsiya muhiti Germaniya bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga jiddiy asos yaratmoqda. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda nafaqat qulay geografik joylashuvi, balki ijtimoiy-siyosiy va makroiqtisodiy barqarorligi bilan ham ajralib turadi. Shuningdek, germaniyalik hamkorlar Oʻzbekistonning iqtisodiyot tarmoqlarini texnik va texnologik jihatdan modernizatsiya va diversifikatsiya qilishga yoʻnaltirilgan puxta oʻylangan siyosiy intilishini yuqori baholaydi.

Mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun qulay imkoniyatlar yaratilayotgani alohida qayd etildi. Investorlarning faoliyatini ragʻbatlantirish va himoya qilish uchun zarur meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Biznes rivoji yoʻlidagi toʻsiqlar bartaraf etildi, tashqi savdo va bojxona-tarif nazorati sezilarli qisqartirildi.

Xorijiy investorlar bilan bevosita muloqot qilish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlarni maslahat va ekspertlik jihatidan qoʻllab-quvvatlash, dolzarb masalalar, jumladan, mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash boʻyicha takliflar ishlab chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ekspert kengashini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari uchrashuv ishtirokchilarini ushbu kengash ishida faol ishtirok etishga taklif qildi.

Samarali savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlashda Germaniya iqtisodiyoti sharqiy qoʻmitasi muhim oʻrin egallashi taʼkidlandi.

Tashkil etilayotgan Investitsiya va texnologiyalar qoʻmitasi oʻzaro manfaatli amaliy hamkorlikning yangi mexanizmiga aylanishi lozimligi qayd etildi.

Germaniya ishbilarmon doiralari vakillari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholab, valyuta va soliq tizimlarining liberallashuvi, viza olish tartibi soddalashtirilgani, jumladan, 30 kungacha muddatga vizasiz tartib joriy etilgani Oʻzbekistonda muvaffaqiyatli biznes yuritish uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratishini taʼkidladi.

14 yanvar kuni Berlin shahrida boʻlib oʻtgan biznes-forumda qiymati 8 milliard yevrodan ziyod shartnoma va kelishuvlar imzolangani buning dalilidir.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Germaniya moliyaviy tashkilotlari, firma va kompaniyalari oʻrtasidagi sheriklikni yanada rivojlantirish, investitsiya va texnologik hamkorlikni kengaytirish hamda kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Ayni paytda Oʻzbekistonda Germaniya investorlari ishtirokida tashkil etilgan 110 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda, ulardan 30 ga yaqini toʻliq Germaniya kapitali evaziga tashkil etilgan.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston Prezidentining ushbu tashrifi mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli aloqalarni yangi bosqichga koʻtarishiga ishonch bildirildi.

Germaniya Oʻzbekistonning strategik muhim infratuzilmasini takomillashtirishda ham faol ishtirok etmoqda. Shu oʻrinda Toshkent shahridagi xalqaro aeroportni rekonstruksiya va modernizatsiya qilish boʻyicha umumiy qiymati 50 million yevro miqdoridagi yirik loyihani alohida aytib oʻtish joiz. Germaniya “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi, uning qulay imkoniyatlariga ham katta qiziqish bilan qaramoqda.

Mamlakatimizda Germaniyaning mashhur sanoat gigantlari – “MAN”, “Klaas”, “Knauf” va boshqa kompaniyalar bilan hamkorlikda tashkil etilgan ishlab chiqarish korxonalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Avtomobilsozlik sohasida ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanmoqda. AQSHning yengil avtomobillar ishlab chiqaruvchi “Jeneral motors” hamda Yaponiyaning kichik avtobuslar ishlab chiqaruvchi “Isuzu” kompaniyasi qatori mamlakatimizda Germaniya avtogigantlaridan biri boʻlgan “MAN” kompaniyasi bilan hamkorlikda yuk avtomobillari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgani fikrimiz dalilidir.

Biz bu boradagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz. Oʻzaro ishonchga asoslangan istiqbolli loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz, dedi davlatimiz rahbari.

Muloqotda Oʻzbekiston va Germaniya moliya muassasalari, firma va kompaniyalari oʻrtasida aloqalarni yanada rivojlantirish, oʻzaro mahsulot yetkazib berish va xizmat koʻrsatish hajmini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Prezidentimizning Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi samarali boʻldi. Ushbu tashrif, uning doirasida erishilgan barcha kelishuvlar Oʻzbekiston manfaati, iqtisodiyotimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi.

 

OʻzA