Neft-gaz sanoatini rivojlantirish boʻyicha vazifalar belgilab berildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni neft-gaz sanoatidagi ishlar holatini muhokama qilish va sohani yanada rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Neft-gaz sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim oʻrin egallaydi. Ushbu soha nafaqat energiya ishlab chiqaradi, balki koʻplab tarmoqlar uchun zarur boʻlgan polimerlar, organik kimyoviy moddalar hamda azotli mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarishda asosiy xomashyo bazasi hisoblanadi.

Keyingi ikki yilda sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida gaz qazib chiqarish hajmi 10 foizga ortdi, aholiga tabiiy gaz 15 foiz va suyultirilgan gaz 1,6 barobar koʻp yetkazib berildi.

Shu davrda neftni qayta ishlash zavodlarida qoʻshimcha 204 ming tonna neft mahsulotlari ishlab chiqarilib, ichki bozorda benzin, dizel yoqilgʻisiga boʻlgan talab qondirib kelinmoqda.

Shoʻrtan va Ustyurt gaz-kimyo majmualarida joriy yilning oʻzida gazga nisbatan qoʻshilgan qiymati 4 barobar koʻp boʻlgan qariyb 700 million dollarlik polietilen va polipropilen ishlab chiqariladi.

Neft-gaz sohasini yanada rivojlantirish maqsadida 2030-yilgacha geologiya-qidiruv ishlari olib borish, uglevodorodlarni qazib chiqarish va chuqur qayta ishlash boʻyicha umumiy qiymati 36,5 milliard dollarlik 30 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish belgilangan.

Uglevodorodlar zaxirasini koʻpaytirish boʻyicha aniq choralar koʻrilmasa, yaqin 10-15 yilda mavjud zaxira 2 barobarga kamayadi.

Shu bois, yigʻilishda “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati rahbariyatiga geologiya-qidiruv ishlari va qazib olish hajmini oshirish, konlarni modernizatsiya qilish va yangilarini ochish, neft-gaz xomashyosini chuqur qayta ishlash, investitsiyalarni koʻpaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Jahon tajribasi asosida bu ishlarga investorlarni kengroq jalb etish, davlat va investorlar manfaatini himoya qilishni taʼminlaydigan yangi mexanizmlar ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, 2017-2021 yillarda uglevodorod xomashyosini qazib olish dasturining ikkinchi bosqichini amalga oshirish va uni moliyalashtirish boʻyicha joriy yil yakuniga qadar takliflar kiritish topshirildi.

Magistral gaz quvurlari va gaz taqsimot tizimining asosiy qismi taʼmirtalab holga kelgan. Kelajakda isteʼmolchilarni kafolatlangan tabiiy gaz bilan taʼminlash maqsadida magistral gaz transport tizimini modernizatsiya qilish hamda gaz oqimini boshqarish (SCADA) tizimini joriy etish boʻyicha 1,6 milliard dollarlik loyiha amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, gaz taqsimot tizimini modernizatsiya qilish, gaz isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilish tizimini joriy etish loyihalariga xorijiy investitsiya va kreditlarni jalb etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Bungi kunda tabiiy gazning atigi 2 foizi chuqur qayta ishlanib, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar olinayotgan boʻlsa, kelgusi 10 yilda bu koʻrsatkichni 7 barobar oshirish imkoniyati bor. Shuning uchun “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati neft va gaz kimyosi yoʻnalishiga ustuvor ahamiyat qaratishi zarurligi taʼkidlandi.

Jumladan, aromatik uglevodorodlar (benzol, toluol, ksilol), metanoldan olefin olish texnologiyasi asosida yangi mahsulotlar – polistirol, polietilentereftalat va sintetik kauchuklar ishlab chiqarish, polietilen va polipropilen ishlab chiqarishni koʻpaytirish imkoniyati mavjud. Ushbu loyihalarni amalga oshirishga 9 milliard dollar atrofida mablagʻ jalb qilinishi lozim.

Shuning uchun Yevropa mamlakatlari, Yaponiya, AQSH, Birlashgan Arab Amirliklaridagi yirik kompaniyalarning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarini jalb etish va loyihalarni amalga oshirish strategiyasi ishlab chiqiladi.

Yigʻilishda “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv tizimi murakkab va koʻp pogʻonali boʻlgani sababli sohada islohotlar amalga oshirilishi sust kechayotgani tanqid qilindi.

Boshqaruv tizimini takomillashtirish maqsadida “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining tashkiliy tuzilmasini optimallashtirish, tarmoqqa oid boʻlmagan tashkilotlarni tizimdan chiqarish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Xususan, funksiyalari bir-birini takrorlaydigan boshqaruv boʻgʻinlarini qisqartirish, tarmoqdagi servis korxonalari hamda yordamchi ishlab chiqarishlarni davlat-xususiy sheriklik asosida investorlarga berish kerakligi taʼkidlandi.

Sohada mavjud toʻrtta ilmiy-tadqiqot, izlanish va loyihalashtirish institutlari negizida milliy neft-gaz ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etib, uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash boʻyicha innovatsion yechimlar topish va tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratish vazifasi qoʻyildi.

 

OʻzA