Oʻzbekiston Prezidentining Qozogʻiston Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

19-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Muloqot avvalida davlat rahbarlari qardosh mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib, izchil mustahkamlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Barcha daraja va yoʻnalishlardagi aloqalar faollashuvi koʻp qirrali Oʻzbekiston – Qozogʻiston hamkorligini yanada kengaytirishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Oʻzaro savdo hajmi ortib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, xususan, hududlar va ishbilarmon doiralar oʻrtasida kooperatsiya kengayib bormoqda. Joriy yil 15-noyabr kuni Chimkent shahrida ikki mamlakat chegaraoldi hududlari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirokida birinchi hududlararo hamkorlik forumi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili doirasida ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashuv dasturi sermazmun boʻlgani qayd etildi. Yil boshidan buyon jami 50 dan ortiq qoʻshma tadbir oʻtkazilgani buning tasdigʻidir.

Muloqot davomida davlat rahbarlari oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasidagi amaliy hamkorlik istiqbollarini, shuningdek, boʻlajak tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

Dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar, jumladan, 2019-yilda mamlakatimizda oʻtkaziladigan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ikkinchi maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ishlari xususida fikr almashildi.

Muloqot soʻnggida davlat rahbarlari qardosh Oʻzbekiston va Qozogʻiston xalqlarining farovonligi hamda butun mintaqada barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash yoʻlida keng koʻlamli hamkorlikni bundan buyon ham faol rivojlantirish, koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini, ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasida intilishlari qatʼiy ekanini taʼkidladilar.

OʻzA