Nogironligi bo‘lgan shaxs nimadan norozi?

Ayni paytda fuqarolarning murojaatlariga o‘z vaqtida e’tibor qaratish va ularning qonuniy ravishda huquqlarini tiklash – ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu yo‘nalishda Amudaryo tumanida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tumandagi “Chordara” mahalla fuqarolar yig’inida yashovchi Y.Sh.
Qoraqalpog’iston Respublikasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining ishonch telefoniga murojaat qilgan.
O‘z murojaatida 2026 yilning 16 mart kunidan mehnat ta’tiliga chiqqanini, biroq shu kungacha mehnat ta’tili puli berilmaganligini, shuningdek o‘zi II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lishiga qaramasdan boshqa xodimlar qatori 40 soat ishlash talab etilayotganligini bildirib e’tiroz bildirgan.
Ushbu masala Amudaryo tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan nazoratga olinib, unga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 218-moddasiga asosan II guruh nogironligi bo‘lgan xodim bo‘lganligi sababli o‘ttiz kalendar kundan iborat uzaytirilgan mehnat ta’tili belgilab berildi.
Shuningdek, “O‘zASBO” dasturi orqali mehnat ta’tili davri uchun tegishli to‘lovlar to‘liq amalga oshirildi va qonunda ko‘rsatilganidek 36 soatlik qisqartirilgan ish vaqti belgilanib, huquqlari to‘liq tiklandi.
Qoraqalpog’iston axborot agentligi