O‘zbekiston va Qirg’iziston munosabatlarida yangi davr: ittifoqchilik shartnomasi imzolandi

72

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 30 iyul kuni rafiqasi bilan birga davlat tashrifi bilan Qirg’izistonga keldi.

Cho‘lponota shahridagi “Issiqko‘l” xalqaro aeroportida ularni Qirg’iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va uning rafiqasi kutib oldi.

Oliy martabali mehmonlar sharafiga ikki davlat bayroqlari ko‘tarilib, faxriy qorovul saf tortdi.

Shundan so‘ng Cho‘lponota shahridagi Chingiz Aytmatov nomidagi “Ruh Ordo” madaniyat markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston va Qirg’iziston davlat madhiyalari yangradi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoev va Sadir Japarov faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-birlariga tanishtirdilar.

“Ruh Ordo” madaniyat markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Qirg’iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston – Qirg’iziston har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari bugungi kunda O‘zbekiston – Qirg’iziston munosabatlari har qachongidan ham yuksak darajaga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.

So‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 barobarga oshib, o‘tgan yil yakuni bilan 1,2 milliard dollarga etdi. 450 ta qo‘shma korxona tashkil etildi, kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Taraqqiyot fondi samarali faoliyat yuritmoqda.

Shaharlar o‘rtasida 15 ta aviaqatnov, 5 ta avtobus yo‘nalishi  yo‘lga qo‘yilgan.

Bu galgi tashrif arafasida Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashi yig’ilishlari, biznes-forum, rektorlar va tahliliy markazlar vakillarining uchrashuvlari, O‘zbekiston madaniyati kunlari hamda qator boshqa tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirlik, idora va hududlar, ishbilarmon doiralar va ekspertlar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar. Davlatlararo kengash tuzishga qaror qilindi.

Xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, BMT, ShHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi hamda boshqa ko‘p tomonlama platformalar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

O‘zaro savdo hajmini 3 milliard dollarga etkazish vazifasidan kelib chiqib, yaqin fursatda import o‘rnini faol bosish asosida o‘zaro mahsulot etkazib berish hajmlarini oshirish choralari ko‘riladi. Shuningdek, ikki davlat poytaxtlarida savdo uylari va vakolatxonalari ochiladi.

Ustuvor yo‘nalishlarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bunda energetika, geologiya, muhim minerallar, logistika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Kuni kecha bo‘lib o‘tgan biznes forumi doirasida yangi savdo shartnomalari va investitsiya kelishuvlarining to‘plami qabul qilindi.

Energetika sohasidagi hamkorlik strategik yo‘nalish sifatida belgilandi. Qambarota GES-1 qurilishi loyihasi bo‘yicha bitimni imkon qadar tezroq imzolab, uni amaliy bosqichga o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

“Xitoy – Qirg’iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan yirik loyihaning joriy holati yuzasidan fikr almashildi.

Transport sohasida o‘zaro bog’liqlikni mustahkamlash maqsadida mazkur temir yo‘l bo‘ylab chegaraoldi va savdo-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, ruxsat berish tartib-taomillarini raqamlashtirish, avtotashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olindi.

Ikki mamlakat hududlari savdo-iqtisodiy hamkorlikning o‘sish nuqtalari ekani ta’kidlandi.

Bu borada joriy yil yakuniga qadar barcha viloyatlar ishtirokida birinchi Hududlar forumi o‘tkazilishi hamda ularning o‘zaro tashriflari jadvali tasdiqlanishi belgilab olindi.

Madaniyat, yoshlar, turizm, ta’lim, ilm-fan va sport sohalaridagi faol almashinuvlar davom ettiriladi.

Muzokaralar davomida Bosh vazir o‘rinbosarlarining savdo-iqtisodiy kun tartibi bo‘yicha aniq takliflarni o‘zi ichiga olgan axborotlari tinglandi.

Yakunda Shavkat Mirziyoev Sadir Japarovni o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Qirg’iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov Ittifoqchilik munosabatlari to‘g’risidagi shartnomani imzoladilar.

Shuningdek, davlat rahbarlari huzurida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘ldi. Shu jumladan:

– O‘zbekiston – Qirg’iziston davlat chegarasining uchastkalari to‘g’risida shartnoma;

– “Chashma” bulog’idan birgalikda foydalanish to‘g’risida bitim;

– Davlat ijtimoiy sug’urtasi va pensiya ta’minoti to‘g’risida bitim;

– Oliy ta’lim sohasidagi kreditlarni o‘zaro tan olish to‘g’risida bitim;

– Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari to‘g’risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida bayonnoma;

– Fuqarolarning o‘zaro kelib-ketishlari to‘g’risidagi hukumatlararo bitimga bayonnoma;

– Qirg’iz Respublikasining Issiqko‘l viloyati hududida joylashgan kurort-rekreatsiya xo‘jaligi ob’ektlari to‘g’risidagi bitimga bayonnoma;

– 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan madaniyat sohasidagi tadbirlar rejasi;

– 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan turizm sohasidagi qo‘shma harakatlar rejasi;

– Qirg’iz Respublikasi Issiqko‘l viloyati Ton tumanida joylashgan “Bo‘ston” pansionati to‘g’risida shartnoma;

– 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan agrosanoat majmuasi sohasidagi amaliy chora-tadbirlar rejasi.

So‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qirg’iz Respublikasining yuksak mukofotini davlatimiz rahbariga Prezident Sadir Japarov topshirdi.

O‘zbekiston etakchisi qardosh Qirg’iziston Prezidenti va xalqiga chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlar hamda O‘zbekiston va Qirg’iziston munosabatlarini yangi tarixiy bosqich – ittifoqchilik darajasiga olib chiqishga qaratilgan mushtarak intilishlarning yuksak e’tirofi sifatida qabul qilishini ta’kidladi.

1996 yilda ta’sis etilgan “Manas” ordeni Qirg’iz Respublikasining oliy davlat mukofotlaridan biri hisoblanadi. Respublika va xorij fuqarolariga davlatchilik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va o‘zaro anglashuv rishtalarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Qirg’iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.

Mamlakatimiz etakchisi Qirg’izistonga bu galgi davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, O‘zbekiston – Qirg’iziston ko‘p qirrali hamkorligida yangi sahifani ochganini ta’kidladi.

Ushbu sammitga birgalikda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilgani qayd etildi. Hukumatlararo komissiya yig’ilishi, biznes-forum, rektorlar va tahliliy markazlar vakillarining uchrashuvlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ayni paytda Qirg’izistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida turli tadbirlar o‘tmoqda.

Fursatdan foydalanib, Prezidentimiz qardosh Qirg’izistonni 2027-2028 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi etib saylangani munosabati bilan samimiy tabrikladi. Bu mamlakat va butun Markaziy Osiyoning nufuzi yuksalayotganining e’tirofidir.

Bugungi muzokaralar har doimgidek ochiq, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarning barcha jabhalarini atroflicha muhokama qildilar. Bosh vazir o‘rinbosarlarining savdo-iqtisodiy sohadagi aniq rejalarni o‘z ichiga olgan axborotlarini tingladilar.

Ittifoqchilik munosabatlari to‘g’risidagi shartnomaning imzolanishi sammitning eng muhim natijasi bo‘ldi.

Ushbu hujjat ikki tomonlama sheriklikni davlatlararo aloqalarning eng yuqori darajasiga olib chiqadi.

– Endi bizning asosiy vazifamiz – hamkorligimizni mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti hamda farovonligiga xizmat qiladigan yangi mazmun, loyiha va tashabbuslar bilan boyitish, – dedi davlatimiz rahbari.

Ikki davlat Prezidentlari raisligida Davlatlararo kengashni tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash va hamkorlikning uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlarini belgilashning asosiy mexanizmi bo‘ladi.

Shu bilan birga, tomonlar bundan buyon ham siyosiy muloqotni rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro maydonlarda bir-birini qo‘llab-quvvatlash va pozitsiyalarni yaqindan muvofiqlashtirishga tayyor ekanligini tasdiqladilar.

Yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. So‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 barobarga oshib, o‘tgan yil yakuni bilan 1,2 milliard dollardan ziyodni tashkil qildi. Jadal o‘sish sur’atlari saqlanib qolayotganini inobatga olib, ushbu ko‘rsatkichni 3 milliard dollarga etkazish vazifasi qo‘yildi.

Etakchilar sanoat kooperatsiyasining yangi o‘sish nuqtalarini, eng avvalo, ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldiruvchi sohalarda yaratishga alohida to‘xtaldilar.

Bu borada kuni kecha bo‘lib o‘tgan biznes forumi doirasida energetika, elektrotexnika, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sohalarida yangi loyihalar kelishildi. Shuningdek, xomashyo resurslarini birgalikda qazib olish bo‘yicha aniq rejalar belgilandi.

Bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma Taraqqiyot fondi salohiyatidan samarali foydalaniladi.

Ikki mamlakatning transport sohasidagi o‘zaro bog’liqligi va tranzit salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. “Xitoy – Qirg’iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish ishlari jadal davom etayotgani qayd etildi.

Mazkur temir yo‘li bo‘ylab savdo-logistika infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish, savdo va transport jarayonlariga raqamli echimlarni faol joriy etish, avtotashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olindi.

Suv-energetika sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish sohasida konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik tasdiqlandi. Qambarota GES-1ni qurish to‘g’risidagi bitimni imzolash jarayoni tezlashtiriladi.

Ikki mamlakat hududlarining salohiyatidan faol foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Yil yakuniga qadar O‘zbekistonda yangi formatdagi birinchi Hududlar forumi o‘tkaziladi.

Madaniyat, ta’lim, ilm-fan, yoshlar siyosati va turizm sohalarida faol almashinuvlarni davom ettirishga tayyorlik tasdiqlandi.

Etakchilar Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalarini ham atroflicha muhokama qildilar.

Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoev ushbu sammitda erishilgan kelishuvlar qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Cho‘lponota shahriga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlari bilan birgalikda Qirg’izistondagi ilk xalqaro toifadagi golf klubining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

Etakchilar bu erda barpo etilgan zamonaviy sport va turizm infratuzilmasi bilan tanishdilar. Yangi majmua golfni ommalashtirish, sport turizmini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Davlat rahbarlari qardosh Qirg’iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va xalqini yangi ob’ektning ochilishi bilan tabriklab, mamlakatning turizm salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirishda muvaffaqiyatlar tiladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Qirg’iz Respublikasiga davlat tashrifi davom etmoqda.

O‘zA