“Qarateren” sayyohlik markazidagi do‘stlik va bag’rikenglik bayrami

Taxtako‘pir tumani “Qarateren” sayyohlik markazida “30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan “Do‘stlik festivali” tantanasi o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo‘qorg’i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev so‘zga chiqib, yig’ilganlarni sana munosabati bilan tabrikladi.


Ta’kidlash joizki, har yili yurtimizda “Xalqlar do‘stligi kuni” bayrami va “Do‘stlik festivali” ko‘tarinki ruhda o‘tkazib kelinmoqda. Keng nishonlanayotgan bayram tadbirlari chekka qishloq va mahallalardan boshlab barcha shahar va tumanlarda xalq saillari, milliy madaniy markazlar, milliy taomlar, rassom va hunarmandlarning ko‘rgazmalari bilan keng tarzda davom etmoqda.


Bugungi kunda yurtimizda yashayotgan turli millat vakillari yagona maqsad yo‘lida birlashib, ona-Vatanimizni yanada ravnaq toptirish yo‘lida fidokorona mehnat qilib, yuksak yutuqlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Albatta, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar eng asosiy boyligimiz bo‘lgan yurtimiz tinchligini saqlashda, xalqlar do‘stligi, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda.


Bayram tadbiri taniqli xonandalar ijrosidagi gala-kontsert dasturi bilan davom etdi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.Xudaybergenov ishtirok etdi.



Qoraqalpog’iston axborot agentligi