Prezident qarorining ijrosi amalda

167

Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov rahbarligida Amudaryo tumanidagi “Tursinbaeva Umida” fermer xo‘jaligida seminar tashkil etildi.

Maqsad – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 31 oktyabrdagi “Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g’risida”gi qarori mazmun-mohiyati bo‘yicha tushuntirishlar berish va ushbu qaror asosida amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirishdan iborat bo‘ldi.

Seminar davomida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan mazkur qaror bilan chorvachilik va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, soha vakillarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda yangi moliyaviy va tashkiliy imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarning mazmun-mohiyati to‘liq tushuntirildi.

Xususan, qarorga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlari etishtirish uchun 49 yil muddatga ijaraga berilgan er uchastkalari, shuningdek, paxta-g’allachilik va chorvachilik xo‘jaliklarining 10 gektardan kam bo‘lmagan er maydonlarining 1 foizi, biroq 20 sotixdan oshmagan qismida engil konstruktsiyali chorvachilik binolari, suv havzalari va ozuqa-em omborxonalari qurishga ruxsat berilishi qayd etildi. Bunda tashkil etiladigan loyihalarda kamida 60 bosh yirik va 100 bosh mayda shoxli qoramol boqilishi asosiy talablardan biri hisoblanadi.

Shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan boshlab chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga ozuqa ekinlarini etishtirish uchun elektron onlayn auktsion orqali olingan er uchastkalari bo‘yicha to‘lovlarni 5 yil davomida teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilgan. Ozuqa va moyli ekinlar etishtiruvchi xo‘jaliklarning sug’orish uchun foydalaniladigan nasos agregatlariga sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizi Davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.

Seminarda oziq-ovqat va moyli ekinlarni etishtirish xarajatlarini moliyalashtirish maqsadida mahsulot qiymatining 50 foizigacha, yillik 12 foiz stavkada (shundan 4 foiz bank marjasi), 12 oy muddatga imtiyozli kreditlar ajratilishi hamda chorvachilikni rivojlantirish uchun yaratilayotgan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ishtirokchilarga atroflicha tushuntirildi.

Bundan tashqari, 2030 yil 31 dekabrga qadar xorijdan import qilinadigan naslli chorva mollari uchun subsidiyalar saqlab qolinishi, jumladan, har bir bosh naslli qoramol uchun 2 million so‘m, har bir bosh qo‘y va echki uchun 400 ming so‘m, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilingan go‘sht yo‘nalishidagi har bir kunlik naslli jo‘ja uchun 15 ming so‘m miqdorida subsidiya ajratish tartibi haqida ham batafsil tushuntirishlar berildi.

 

Seminar yakunida ishtirokchilar fermer xo‘jaligida mazkur qaror asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Qoraqalpog’iston axborot agentligi