Taxtako‘pirning buguni va kelajagi

Jamiyatimizning yangi qiyofasi
Qoraqalpog’istonning Taxtako‘pir tumanidagi 7,5 ming xonadonda 38,9 ming kishi yashaydi. Aholi soni nisbatan oz bo‘lsa-da, eri keng bu elat go‘zal tabiati, tarixiy maskanlari bilan ajralib turadi. Ayniqsa, Qorateran ko‘li va Bo‘rchitovning so‘lim tabiati sayyohlarni chorlovchi maskanga aylangan.
Qorateran ko‘lining eni besh yarim–olti, uzunligi 26 kilometrgacha cho‘zilgan. Kattagina ko‘l. Bo‘rchitovning tepasidan qaraganda tubi qop-qora, chuqur bo‘lib ko‘ringani bois shunday nom olgan. Rivoyatlarda keltirilishicha, ko‘lning o‘rnida bir xalq yashagan. Toshqin sabab aholisi suv ostida qolib ketgan. Yana bir rivoyatda aytilishicha, mahalliy boyning qizi qo‘l ostidagi kambag’alning bolasiga oshiq bo‘ladi va ikkovi birga eldan qochib ketishni maqsad qiladi. Qochib borayotib, ortidan boyning odamlari quvib eta olmasligi uchun daryoning to‘g’onini yiqitib ketadi. Natijada qishloq suv ostida qoladi…
Davlatimiz rahbari qarori asosida ko‘l atrofidagi 70 gektar maydonda “Qorateran baliqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan sayyohlik majmuasi tashkil etilishi rejalashtirilgan edi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 15 milliard so‘m, shundan bank krediti 6 milliard so‘m bo‘lib, yiliga 10 ming sayyohni qabul qilish va 40 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.
Hozir bu joy ajoyib dam olish maskaniga aylandi. Bo‘rchitov tepasida yangi zamonaviy o‘tovlar tikilib, har yili xalqaro etno-madaniy festival o‘tkazilib kelinmoqda.
– Bugun Qorateran ko‘li bo‘yidagi o‘xshashi yo‘q milliy koloritdagi etno-turistik majmua ko‘pchilikning diqqatini jalb qiladi. Majmuadagi 277 ta zinapoyadan chiqib, Bo‘rchitov tog’iga boqsangiz, butun go‘zallik go‘yo kaftingizga sig’ib turadi, – deydi taxtako‘pirlik Muhabbat Izimbetova.
Taxtako‘pir tumani Orol dengiziga yaqin joylashgani sababli ekologik turizm uchun muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, cho‘l va dasht landshaftlari sayyohlar, xususan, ekoturizm va safari turizmi uchun jozibador hududlardan biri. Ayniqsa, Qorateran ko‘li tabiiy go‘zalligi, noyob ekologik tizimi va hayvonot, o‘simliklar dunyosi bilan ajralib turadi.
– Ushbu ko‘l bo‘yida korxonamiz tomonidan umumiy qiymati 2 million 360 ming dollarlik ekoturizm majmuasi tashkil qilinmoqda. Majmuamiz plyaj, amfiteatr, umumiy ovqatlanish, mehmonxona xizmatlari, o‘tovlar va bir qator ko‘ngilochar maskanlari o‘z ichiga olgan, – deydi “Qorateran baliqlari” korxonasi rahbari Shahzodbek Berdiboev. – Ko‘l akvatoriyasida sayilgoh, piyodalar yo‘lakchalari qurilgan. Sayyohlar uchun 4 ta kvadrotsikl, 1 ta yaxta, sayr qilish uchun tuya va otlar keltirilgan. Turizm majmuamizda 100 dan ortiq yangi ish o‘rni ochilmoqda.
Qorateran aslida noyob tarixga ega bo‘lib, turli davrlarda xalqni boqqan nasiba o‘chog’idir. Bu erdagi manzara o‘tmish va kelajak chorrahasini eslatib, tashrif buyurgan har bir mehmonni lol qoldiradi.
Ko‘l atrofi va yaqin qishloqlar ko‘p yillardan buyon qarovsiz qolib, ijtimoiy ob’ektlar, uy-joy, infratuzilma ob’ektlari yaroqsiz holga kelib qolgan, ishsizlik odamlarni qiynayotgan eng katta muammolardan biriga aylangan edi. Bugun atrofdagi qishloqlar obod qilinib, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholining turmush farovonligini ta’minlash ishlari davom ettirilmoqda.
– Tumandagi chekka hududlarda suvsizlik oqibatida ko‘pchilik o‘z makoni, tug’ilgan joyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. Mana, so‘nggi yillarda katta obodonlashtirish ishlari bajarildi, – deydi nuroniy otaxon Dariboy Ismoilov. – Bu o‘zgarishlarni eshitgan va ko‘rgan yurtdoshlarimiz yana o‘z makoniga ko‘chib kelishni boshladi.
“Ellik yilda – el yangi” deganlaridek, tumanning qiyofasi yil sayin o‘zgarib, ko‘rkamlashib boryapti. Yangi tadbirkorlik sohalari aholining ish bilan ta’minlanishiga ta’sir ko‘rsatishi aniq. 2021 yilda “Qoraqalpog’iston agroklaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan paxta tozalash zavodi ishga tushirilib, Taxtako‘pir, Qorao‘zak va Nukus tumanlari fermerlari etishtirgan mahsulotlarni qabul qilmoqda.
Qiymati 38 milliard so‘m bo‘lgan paxta zavodida 325 ta ish o‘rni yaratilgan. 30 ming tonna paxta xomashyosi, 9,6 tonna paxta tolasi, 15,9 tonna chigit, 0,75 tonna lint mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bugungi kunda bunga qo‘shimcha “Dovqora” ovul fuqarolar yig’inida “Taxtako‘pir gold tekstil mahsulotlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yirik to‘qimachilik loyihasi amalga oshirilmoqda.
– Tumanimizda imtiyozli kredit hisobidan 32 milliard so‘mlik chorvachilikni rivojlantirish va sutni qayta ishlash loyihasi ro‘yobga chiqarilyapti. Xorijdan 120 bosh naslli qoramol olib kelinib, loyiha asosida qiymati 500 million so‘mlik sutni qayta ishlash korxonasini ishga tushirdik. Hozirgi kunda bu erda Germaniya, Daniya va Ukrainadan olib kelingan 170 boshdan ortiq naslli qoramol parvarishlanmoqda. Ulardan olingan sutdan qadoqlangan qatiq, smetana, yogurt, qurt va suzma kabi mahsulotlar tayyorlab, ichki bozorga etkazib beryapmiz, – deydi “Kavsar tegirmon” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Allayor Madreymov. – Shuningdek, jamiyatimizga tumandagi Davqara qishlog’i hududidan 100 gektar er ajratilib, 10 milliard 300 million so‘mlik intensiv mevali bog’ yaratildi. Bundan tashqari, junni va donni qayta ishlash loyihalari ham bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Yaqinda Turkiya texnologiyasi asosida sutkasiga 45 tonna donni qayta ishlash quvvatiga ega zamonaviy un zavodi barpo etildi. Kundalik turmushda zarur oziq-ovqat mahsulotlari, iste’mol buyumlari kabilar o‘zimizda ishlab chiqarilyapti. Shu orqali bozorimiz arzonlashib, ko‘plab ish o‘rinlari yaratilmoqda.
O‘tgan yilga rejalashtirilgan dastur asosida “Kavsar tegirmon” va “Taxtako‘pir temir beton” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida 176 ta yangi ish o‘rni ochildi. Tuman markazida tunu kun ishlaydigan gastronomik ko‘cha ishga tushirildi.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka jalb etish borasida ham keng imkoniyatlar yaratilyapti. Bu imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan yoshlar safi esa tobora ortib borayotir.
– Kambag’allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan tashkil etilgan bepul o‘quv kursida sartaroshlik kasbini o‘rganib, imtiyozli kredit asosida faoliyat boshladim, – deydi Taxtako‘pir tumani “Otako‘l” ovul fuqarolar yig’inida istiqomat qiluvchi Berdiyor Esbergenov. – Ilgari mahalla aholisi hatto soch oldirish uchun ham tuman markaziga borishga majbur edi. Endi o‘zim shu hududda xizmat ko‘rsatib kelyapman.
Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog’istonga tashrifi davomida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Taxtako‘pir tumani markazida zamonaviy ko‘rinishdagi yoshlar markazi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Markazda “Book kafe”, “Zakovat” klubi, shaxmat-shashka, chet tillar va matematika fanlarini o‘qitish yo‘lga qo‘yilib, yoshlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Taxtako‘pirning kelajagi porloq, Zero, tarixi, tabiati va bugungi yutuqlari uyg’unlashgan tumanni mehnatkash aholi yangi rivojlanish bosqichiga olib kirmoqda.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri