“TalabaExpo – 2026” kasbiy ko‘rgazmasi o‘tkazildi

28 iyul kuni Nukus shahridagi “Oq qo‘sh” majmuasida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida “TalabaExpo – 2026” kasbiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo‘qorg’i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev so‘zga chiqib, ko‘rgazma-yarmarkaning ochilishi munosabati bilan yig’ilganlarni tabrikladi.

O‘tkazilgan ko‘rgazma yarmarkasida 212 muassasa va korxonalar 1500 dan ortiq ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Shuningdek, yoshlarimizga o‘zini o‘zi band qilish va o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun 100 ga yaqin zarur asbob-uskunalar, uy sharoitida biznes boshlash uchun tijorat banklari tomonidan imtiyozli kredit paketlari taqdim etildi.

Shu bilan birga, tadbir doirasida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi, ish beruvchilar bilan uchrashuvlar, amaliyot va stajirovka dasturlari bo‘yicha taqdimotlar, startap loyihalar ko‘rgazmasi, “O‘zmilliybank” tomonidan imtiyozli kreditlar va moliyaviy savodxonlik mavzusida seminarlar tashkil etildi.

– Bu yil Nukus texnika universitetini tugatib, o‘zimga qulay ish izlab o‘tkazilayotgan yarmarkada ishtirok etdim va poytaxtimizda joylashgan o‘quv markaziga ishga joylashdim, – deydi tadbir ishtirokchilaridan biri Aynura Baltabaeva. – Shu o‘rinda yarmarkani tashkil etgan barcha idora va tashkilot rahbarlariga o‘zimning minnatdorchiligimni bildiraman.

O‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi T.Xudaybergenov ishtirok etdi.
Qoraqalpog’iston axborot agentligi