Asossiz hisoblangan qarzdorlik bekor qilindi

Bugungi kunda iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi vakil – iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan natijali ishlar olib borilmoqda.
Bu ishlarga misol tariqasida bir holatni keltirib o‘tish mumkin. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Ellikqal’a tumani bo‘limiga Ellikqal’a tumanida yashovchi fuqaro L.Rajabboeva yangi sotib olgan, biroq haligacha yashamagan va foydalanishga topshirilmagan turar joy uchun hisoblangan qarzdorlikdan norozi bo‘lib, murojaat qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, yashash uchun tayyor bo‘lmaganligi sababli turar joyda shu kungacha yashamagan oilaning nomiga “Kommunal issiqlik ta’minoti” MChJ tomonidan 1 million 746 ming 930 so‘m asossiz qarzdorlik ko‘rsatilgan. Ammo hali fuqaro va korxona o‘rtasida hech qanday shartnoma tuzilmagan.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Ellikqal’a tumani bo‘limi boshlig’i U.Aminovning aralashuvi natijasida fuqaroning hisob-varag’iga xatolik bilan kiritilgan asossiz qarzdorlik “Kommunal issiqlik ta’minoti” MChJ tomonidan bekor qilindi va fuqaroning murojaati ijobiy hal etildi.
Qoraqalpog’iston axborot agentligi