Aq jag’isda yangi o‘quv markazi ochildi

139

Mahallalarda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tomonidan hududlarda olib borilayotgan o‘rganish ishlari doirasida Nukus shahrining Aq jag’is mahalla fuqarolar yig’ini yana bir quvonchli voqea bo‘lib o‘tdi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 11 fevraldagi PQ-59-sonli qarori asosida ajratilgan 130 million so‘m miqdoridagi foizsiz ssuda hisobidan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi Amanat Muratbaev tomonidan tashkil etilgan zamonaviy o‘quv markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Mahallalarda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha Respublika ishchi guruhi a’zosi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov va Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori Berdiyar Jollibekov ishtirok etdi.

O‘tkazilgan tadbir davomida so‘zga chiqqan mas’ullar universitet talabasining tashabbusini yuqori baholab, davlatimiz tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, yangi tashkil etilgan o‘quv markazi mahalla yoshlari uchun sifatli ta’lim olish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash hamda ularning bandligini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Adilbay Orazov,
Qoraqalpog’iston axborot agentligi sharhlovchisi