Mahallalardagi xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda

82

Munosabat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida joriy yilning 16 iyul kuni mahallalarga yangi muhit olib kirish va “mahalla ettiligi” faoliyatini yangicha tashkil etish masalalariga bag’ishlangan videoselektor yig’ilishi o‘tkazildi.

Yig’ilishda davlatimiz rahbari joriy yilda infratuzilmani yaxshilash, xalqga va tadbirkorlar uchun sharoit yaratish maqsadida tumanlarga o‘rtacha 250 milliard so‘mdan, mahallalarga esa 5,5 milliard so‘mdan mablag’ ajratilganini ta’kidladi.

Darhaqiqat, bugungi kunda mamlakatimizda mahalla tizimini yanada rivojlantirish, uni odamlar uchun chinakam ishonch, tayanch va imkoniyatlar markaziga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig’ilishida mahallaning jamiyat hayotidagi o‘rni va mas’uliyati yanada kuchaytirilib, har bir mahallada inson qadrini ulug’lash, aholi farovonligini ta’minlash va ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi.

Darhaqiqat, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, mahalla raisi o‘z hududining haqiqiy boshqaruvchisi bo‘lishi shart. U hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar etakchisi, ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori, soliqchi va mahalla bankirining haftalik va oylik ish rejasini tasdiqlab, ularga aniq vazifa qo‘yib, savol berib boradi.

Joriy yilda respublikamizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy faolligini oshirish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ham qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Qoraqalpog’iston Respublikasida 2026 yilda aholining, shu jumladan, xotin-qizlarni daromadli mehnat bilan ta’minlashning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlanib, “Mehnatsevar ayol” dasturi doirasida 1861 nafar xotin-qizning bandligini ta’minlashga erishildi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi bo‘yicha 12 ming 244 nafar xotin-qizni kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitish rejasi belgilangan bo‘lib, 2-chorak rejasida 6524 nafar xotin-qizni o‘qitish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 7671 nafar xotin-qiz kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi.

Rasmiy daromadga ega bo‘lmagan, ish qidirayotgan va ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalardagi xotin-qizlar mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘qish istagini bildirgan 1722 nafar xotin-qiz vaucher asosida o‘qitildi.

Har bir ayol o‘z mehnati, mehri va sabri bilan jamiyatda munosib o‘ringa ega bo‘lishi mumkin. Bugungi kunda ular uchun tadbirkorlik eshiklari va bunyodkorlik yo‘li ochiq. Tadbirkor ayollarga imtiyozli kreditlar va grantlar ajratilib, ularning biznes loyihalari qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Masalan, Qoraqalpog’iston Respublikasi bo‘yicha “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida va “Hamroh ayol” kompaniyasining mablag’lari hisobidan 100 mln. so‘mgacha garovsiz mikrokreditlar ajratish bo‘yicha 14 ta tijorat banki tomonidan 517 nafar xotin-qizga 45 mlrd. 530 mln. so‘mlik garovsiz kredit ajratildi.

Shundan tikuvchilik yo‘nalishida 1395 nafar, non yopish yo‘nalishida 213 nafar, go‘zallik saloni yo‘nalishida 7 nafar, parda tikish yo‘nalishida 4 nafar, milliy va zamonaviy kiyimlar yo‘nalishida 88 nafar, issiqxona yo‘nalishida 132 nafar, non va non mahsulotlari tayyorlash yo‘nalishida 205 nafar, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida 466 nafar, hunarmandchilik yo‘nalishida 52 nafar xotin-qiz uy mehnati asosida ish bilan ta’minlandi.

Mahallalarda xotin-qizlar tomonidan tadbirkorlik faoliyatini boshlagan 74 ta oilada yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, qandolatchilik, hunarmandchilik, tikuvchilik kabi yo‘nalishlarda kichik tsexlar tashkil etildi. Ushbu kichik tsexlarda 107 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlanishiga erishildi.

5 ta toifa bo‘yicha 58 ming nafar ayolning manzilli ro‘yxatlari shakllantirilib, har bir xotin-qiz uchun individual dasturlar ishlab chiqildi. Joriy yilning 10 iyul holatiga 29 ming 746 nafar xotin-qizga (51,3%) individual dasturlar orqali amaliy yordam ko‘rsatildi.

Bularning barchasi xalqimizga, ayniqsa, ayollarimizga berilgan imkoniyatlar, deb o‘ylayman.

Yig’ilishda mahallalar byudjetini mustahkamlash bo‘yicha ham yangi tashabbuslar ilgari surildi. Endi mahalladagi noturar ob’ektlardan tushgan er va mol-mulk solig’ining 5 foizi ham mahallaning o‘ziga beriladi. Bu orqali mahallalar ixtiyorida yiliga yana 400 milliard so‘m mablag’ qoladi.

Mehnatga munosib rag’bat bo‘lishi uchun yil yakuni bilan ko‘p qavatli uylardagi “Eng obod xonadon”, mahalladagi “Eng fayzli hovli”, hududdagi “Eng obod ko‘cha”, tuman va viloyatdagi “Eng namunali mahalla” nominatsiyalari joriy etiladi.

– Mahalla – xalqqa eng yaqin boshqaruv bo‘g’ini. Odamlarning kundalik masalalari shu erning o‘zida, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz hal qilinishi kerak, – dedi Prezidentimiz.

Hozir “ettilik” orqali 100 ga yaqin xizmat ko‘rsatilmoqda. Endi barcha davlat xizmatlari bosqichma-bosqich mahallaga tushiriladi.

Mahallamiz rivoji, avvalo, har bir oilaning farovonligi, ahilligi va faolligiga bog’liq. Obod ko‘cha, toza atrof-muhit, tartib-intizom va o‘zaro hurmat – barchamizning umumiy burchimizdir. Har birimiz o‘z uylarimiz va ko‘chalarimizga e’tiborli bo‘lsak, farzandlarimiz uchun yanada sog’lom va xavfsiz muhit yarata olamiz.

Aziz opa-singillar!

Oila tinchligi va farzand tarbiyasida ayollarning o‘rni beqiyos. Sizlarning faolligingiz mahallamiz ma’naviy muhitini yanada mustahkamlaydi. Kam ta’minlangan, yordamga muhtoj oilalardan xabar olish, ularni qo‘llab-quvvatlash, oilalarda sog’lom muhitni shakllantirish – barchamizning insoniy burchimizdir.

Maryam Axmedova,
Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Raisining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi.
Qoraqalpog’iston axborot agentligi.