Aholi ishonchi amaliy ishlar bilan oqlanmoqda

Mahalliy Kengash deputati faoliyatining natijasi, avvalo, fuqarolarning muammolariga qanchalik tez va samarali echim topa olishi bilan baholanadi. Xalq deputatlari Qo‘ng’irot tumani Kengashi deputati Axmet Xojaniyazovning faoliyati ham ana shunday amaliy yondashuvi bilan e’tibor qozonmoqda.
Joriy yilda deputat yoshlar manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolarini o‘rganish va amaliy echim topish borasidagi samarali faoliyati uchun O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi tomonidan “Yoshlar muammolarini hal etishda eng faol 30 nafar mahalliy Kengash deputati” qatoridan munosib o‘rin egalladi. Bu e’tirof deputatning saylovchilar, ayniqsa, yoshlar bilan tizimli ishlayotganining amaliy tasdig’idir.

Shuningdek, deputat A.Xojaniyazov o‘z faoliyatida fuqarolarning murojaatlariga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, yaqinda deputatga Qo‘ng’irot tumani hududidan o‘tuvchi “G’uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” A-380 avtomobil yo‘lining 878-879-kilometr oralig’idagi burilish qismi yaroqsiz holatga kelib qolgani bo‘yicha aholidan murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaat asosida deputat tomonidan Qo‘ng’irot tumani Yo‘llardan barqaror foydalanish davlat tashkiloti rahbari nomiga deputatlik so‘rovi yuborildi.
Deputatlik nazorati natijasida muammo qisqa muddatda bartaraf etilib, yo‘lning nosoz qismi ta’mirlanib, harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ushbu yo‘l chorrahasiga 2.4 yo‘l belgisi ham o‘rnatildi.

Bunday amaliy natijalar mahalliy Kengash deputatining asosiy vazifasi nafaqat sessiyalarda ishtirok etish, balki fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolariga echim topish va ijrosi ustidan samarali nazoratni yo‘lga qo‘yishdan iborat ekanini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
Xalq ishonchini qozonish oson emas. Uni saqlab qolish esa muntazam mehnat, tashabbuskorlik va mas’uliyatni talab etadi. Deputat A.Xo‘janiyozovning bugungi faoliyati ana shunday tamoyillarga tayangan holda davom etmoqda.
Qoraqalpog’iston axborot agentligi