“Mahalla ligasi” g’oliblari taqdirlandi

Nukus shahridagi 1-sonli sport maktabida “Mahalla ligasi” sport musobaqalarining Qoraqalpog’iston Respublikasi bosqichi yakunlandi.

Ushbu musobaqalarni o‘tkazishdan maqsad – mahallalarda ommaviy sportni yanada rivojlantirish, fuqarolarning jismoniy faolligini oshirish, sog’lom turmush tarzini shakllantirish hamda sport orqali aholi o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashdir.

Mahallalarda yashovchi 30 yoshdan yuqori bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida o‘tkazilgan mazkur musobaqaning yakuniy bosqichida shahar va tumanlardan kelgan ishtirokchilar sportning shaxmat, shashka, mini-futbol, voleybol, stritbol, vorkaut va stol tennisi turlari bo‘yicha o‘zaro musobaqalashib, sport mahorati, jismoniy tayyorgarligi va g’alabaga bo‘lgan intilishini namoyish etdi.

Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi boshlig’i S.Turmanov va tegishli tashkilot vakillari ishtirok etib, har bir sport turi bo‘yicha g’olib va sovrindorlarga musobaqa tashkilotchilari tomonidan tayyorlangan diplomlar, qimmatbaho sovg’alar va kuboklar tantanali ravishda topshirildi.



Qoraqalpog’iston axborot agentligi