Navbatdagi giyohvand moddaning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

218

Qoraqalpog’iston Respublikasi Bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan navbatdagi tezkor tadbir amalga oshirildi.

Tadbir davomida Nukus shahri hududida harakatlanib kelayotgan fuqaro belgilangan tartibda to‘xtatilib, xolislar ishtirokida shaxsiy tekshiruvdan o‘tkazildi.

Tekshiruv jarayonida ushbu shaxsga tegishli qora rangdagi qo‘l sumkasi ko‘zdan kechirilganda, uning ichida 16 dona gugurt qutisiga yashirilgan, jami qadog’i bilan og’irligi 77,56 gramm bo‘lgan “marixuana” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Bojxona boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg’atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qoraqalpog’iston axborot agentligi