Nuroniylarning o‘tmish tajribasi yoshlar uchun saboq

101

Nukus shahrida joylashgan “Oq qush” majmuasida o‘tmish, bugun va kelajak avlodlarni o‘zida jamlagan Uch avlodning o‘zaro diydorlashib, uchrashuv kechasi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda uzoq yillar davomida xalq xo‘jaligining turli sohalarida samarali mehnat qilgan keksalar, faxriylar, bugungi kundagi mehnat ilg’orlari va yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo‘qorg’i Kengesi Raisi Amanbay Orinbaev so‘zga chiqib, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh faxriylar va turli soha vakillarining ibratli ishlarini alohida tilga oldi.

O‘tkazilgan ushbu uch avlod uchrashuvida yoshi ulug’ avlod vakillari yoshlar bilan o‘zaro fikr almashib, yoshlik kuch-g’ayratini qayta his etgandek bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz. Yoshlar esa o‘zidan oldingi avlod vakillarining pand-nasihatlaridan katta taassurotlar oldi. Albatta, nuroniylarning bosib o‘tgan hayot yo‘li, erishgan natijalari va to‘plagan hayotiy tajribasi bugungi yosh avlod uchun haqiqiy hayot maktabi bo‘lib, ularni yuksak yutuqlarga ruhlantiradi.

Uchrashuv davomida mamlakatimiz taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan bir qator faxriylarga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari va qimmatbaho sovg’alar topshirildi.

Tadbir san’at ustalari ijrosidagi kontsert dasturi bilan davom etdi.

O‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenov, O‘zbekiston Nuroniylar jamg’armasi boshqaruvi raisi Sodiqjon Turdiev, Qoraqalpog’iston Respublikasi “Nuroniy” jamg’armasi raisi Tursinbay Abdijabbarov ishtirok etdi.

Qoraqalpog’iston axborot agentligi