O‘zbekiston va Belarus munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi
142

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan 8-9 iyul kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
9 iyul kuni Minsk shahridagi Mustaqillik saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni tantanali kutib olish marosimi o‘tkazildi.
Saroy oldidagi maydonda ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi.
Davlatimiz rahbarini Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko samimiy kutib oldi.
Davlat madhiyalari yangradi.
Etakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.
Ushbu tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig’ilishlari, siyosiy maslahatlashuvlar, tahliliy doiralar uchrashuvlari, O‘zbekiston madaniyati kunlari hamda boshqa tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
O‘zaro savdo hajmi barqaror sur’atda o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. So‘nggi besh yilda bu ko‘rsatkich qariyb 3 barobar oshib, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra salkam 1 milliard dollarga etdi. Joriy yilning ortda qolgan davrida uning hajmi yana 30 foizga oshdi. 360 ta qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Etakchilar kuni kecha o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga etkazish bo‘yicha aniq harakatlar kelishib olingani hamda qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, engil sanoat, mebelsozlik va sanoatning boshqa tarmoqlarida yangi kooperatsiya loyihalaridan iborat chora-tadbirlar rejasi qabul qilinganini olqishladilar.
O‘zbekiston tinch atomdan foydalanish va shu sohada infratuzilmani barpo etish borasidagi tajribani almashishdan manfaatdor ekani bildirildi.
Faol madaniy-gumanitar almashinuvni izchil davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Yig’ilish davomida qo‘shma Hukumatlararo komissiya hamraislarining hisobotlari hamda muzokaralar kun tartibi yuzasidan aniq takliflari ham tinglandi.
Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoev hamkasbi Aleksandr Lukashenkoga rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishni taklif etdi.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g’risidagi deklaratsiyani imzoladilar.
Shuningdek, davlat rahbarlari huzurida qator ikki tomonlama hujjatlar almashildi. Jumladan:
– 2026-2030 yillarda savdo-iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
– O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Belarus Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan maslahatlashuvlar dasturi;
– 2005 yil 19 yanvardagi “Fuqarolarning o‘zaro qatnovlari to‘g’risida”gi bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risida bayonnoma;
– Belarus Respublikasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to‘g’risida bitim;
– O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish sohasidagi hamkorlik to‘g’risida bitim;
– 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan madaniyat sohasidagi hamkorlik dasturi;
– O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Belarus Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi o‘rtasida 2027-2028 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
– O‘zaro sayyohlar oqimni ko‘paytirish va turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasi;
– 2026-2028 yillarda agrosanoat majmuidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Engil sanoatni rivojlantirish agentligi hamda Belarusning “Bellegprom” davlat kontserni o‘rtasida engil sanoat sohasidagi hamkorlik to‘g’risida bayonnoma;
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Belarus Respublikasi Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi o‘rtasida aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi;
– O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Belarus Respublikasi Moliya vazirligi o‘rtasida moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi;
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Belarus strategik tadqiqotlar instituti o‘rtasida O‘zbekiston – Belarus ekspertlar kengashini ta’sis etish to‘g’risida memorandum;
– O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Belarus Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi o‘rtasida agrosanoat sohasida investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ahdlashuv memorandumi;
– O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Belarus Milliy fanlar akademiyasi o‘rtasida ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi.
Shuningdek, tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Belarus Respublikasi Fundamental tadqiqotlar jamg’armasi o‘rtasida ham memorandum imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko muzokaralar yakunlari to‘g’risida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.
Davlatimiz rahbari Aleksandr Lukashenkoga samimiy qabul va iliq mehmondo‘stlik uchun chin dildan minnatdorlik bildirib, Belarus xalqini yaqinda nishonlangan Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.
Ushbu rasmiy tashrif O‘zbekiston – Belarus munosabatlari rivojida tarixiy voqea ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Jumladan, Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g’risidagi deklaratsiyaning imzolangani sammitning asosiy natijalaridan biri bo‘ldi.
O‘zbekiston etakchisi ta’kidlaganidek, mazkur hujjat davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashda yangi sahifa ochib, tomonlarning ko‘p qirrali sheriklikni uzoq muddatli rivojlantirish borasidagi qat’iy intilishini tasdiqlaydi.
Muzokaralarga katta tayyorgarlik ko‘rilgani ularning muvaffaqiyatli o‘tishida muhim omil bo‘lgani qayd etildi.
Tashrif arafasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig’ilishlari, siyosiy maslahatlashuvlar, uchinchi Hududlararo forumi, O‘zbekiston madaniyati kunlari hamda tahliliy doiralar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbarlari siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish hamda parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.
Sammit oldidan tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga etkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni hamda ustuvor sohalardagi yangi loyihaviy tashabbuslarni qamrab olgan kompleks reja qabul qilindi.
Bunda qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, mikroelektronika, to‘qimachilik, mebelsozlik va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani rivojlantirish nazarda tutilgan.
O‘zbekistonda birinchi atom elektr stantsiyasi va turdosh infratuzilmani qurishda Belarus tajribasini qo‘llash yuzasidan kelishuvga erishildi.
Uchinchi O‘zbekiston – Belarus Hududlararo forumining yakunlari yuqori baholandi. Forum ishida O‘zbekistonning 230 nafarga yaqin tadbirkorlari ishtirok etdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH, ShHT va Qo‘shilmaslik harakati kabi mintaqaviy hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga intilish qat’iy ekani ta’kidlandi.
Madaniyat va san’at, ta’lim, sog’liqni saqlash hamda turizm sohalaridagi faol almashinuvlar davom ettiriladi.
Davlatimiz rahbari Minsk shahrida O‘zbekiston – Belarus do‘stligi xiyobonini barpo etish tashabbusi uchun minnatdorlik bildirdi.
Joriy yilda navbatdagi tibbiyot, ta’lim va turizm forumlarini tashkil etishga ahdlashib olindi.
Yakunda bugungi tarixiy tashrif natijalari strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga hamda ikki mamlakatning barqaror rivojlanishi va farovonligiga har tomonlama xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Belarusga rasmiy tashrifi yakunlandi. Poytaxt aeroportida oliy martabali mehmonni Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko kuzatib qo‘ydi.
O‘zA