Yana bir noqonuniy qurilma majburiy buzdirildi

Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan sud qarorlariga asosan, fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda qurilgan qurilmalarni majburiy buzish ishlari amalga oshirilmoqda.

Masalan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining joriy yil 16 mart kungi qaroriga asosan, tumanning Turon mahalla fuqarolar yig’ini Shabbaz massivi hududidagi 224,8 kv.m. er maydoniga o‘zboshimchalik bilan qurilgan poydevorni majburiy buzdirish va er maydonini yaroqli holatga keltirish belgilangan.

Ushbu qaror bo‘yicha Majburiy ijro byurosi Beruniy tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan ijro harakatlariga kirishildi. Jumladan, javobgarga noqonuniy qurilmani o‘z hisobidan buzishi lozimligi haqida bir necha marotaba tushuntirish va ogohlantirish berildi. Shunga qaramasdan, javobgar tomonidan noqonuniy qurilma ixtiyoriy ravishda bartaraf etilmadi.

Shu sababli, ushbu noqonuniy qurilma joriy yilning 3-iyul kuni Byuro xodimlari tomonidan, maxsus texnika vositalari yordamida majburiy buzdirib tashlandi.
Qoraqalpog’iston axborot agentligi