Senatning o‘n yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi

65

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlis kun tartibiga mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, davlat boshqaruvi, qurilish, texnik jihatdan tartibga solish, yong‘in xavfsizligi, farmatsevtika, ijtimoiy himoya, raqamli texnologiyalar, xalqaro hamkorlik hamda qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qator muhim masalalar kiritildi.

“Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida” va «Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlari, “Ijtimoiy ish to‘g‘risida”gi qonun shular jumlasidandir.

Yalpi majlisda bolalarni ijtimoiy himoya qilish, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, texnik jihatdan tartibga solish, qurilish sohasida davlat nazorati, yong‘in xavfsizligi, davlat fuqarolik xizmati, farmatsevtika sohasi hamda boshqa qator yo‘nalishlarga oid qonunlar ham muhokama qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanishi to‘g‘risidagi milliy ma’ruza eshitiladi.

Bundan tashqari, boshqaruv servis kompaniyalari va uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqiladi.

                                                         N.Abduraimova, 

N.Haydarov (surat), O‘zA