Nukus shahriga keltirilgan yangi avtobuslar qanday qulayliklarga ega?

242

Qoraqalpog’iston Respublikasi Transport vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Nukus shahrida aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirish, yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, shahar jamoat transport tizimini takomillashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Respublikada yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug’ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan harakat tarkibini yangilagan holda yo‘lovchilarga qulay va xavfsiz xizmat ko‘rsatishni tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shaharda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug’ullanuvchi “Fayz avangard” MChJ tomonidan Xitoy Xalq Respublikasidan shahar jamoat transporti infratuzilmasini takomillashtirish maqsadida 32 dona avtobus olib kelinmoqda.

Yaqinda Nukus shahriga ushbu avtobuslarning dastlabki 12 tasi olib kelindi. Qolgan 20 tasi kelasi haftada shaharga etib keladi. Yangi olib kelingan avtobuslar shahar ichi yo‘nalishlarida 2 yo‘nalish bo‘yicha yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan.

– 70 nafar yo‘lovchini qulay sharoitlarda manzillariga etkazishga mo‘ljallangan mazkur avtobuslar past polli bo‘lib, nogironligi bo‘lgan shaxslar harakatlanishi uchun maxsus pandus uskunalari va alohida o‘rindiqlar bilan jihozlangan, – dedi Qoraqalpog’iston Respublikasi Transport vazirligi axborot xizmati boshlig’i Zaxida Qaljanova. – Yo‘l haqi to‘lovlarini elektron tarzda ham amalga oshirish uchun ATTO tizimi o‘rnatilgan.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yili brutto-shartnoma tizimi asosida shahar ichida ikki yo‘nalishga yangi 24 avtobus joylashtirilgan edi. Hozirgi kunda ular xalqqa sifatli xizmat ko‘satib kelmoqda. Bu tizim asosida aslida shahar bo‘ylab 20 yo‘nalish tashkil etilgan. Hozirgi kunda shundan ikki – 24A va 7A yo‘nalishlariga avtobuslar joylashtirildi.

Endi 2026 yil oxirigacha yana 100 dan ortiq avtobuslar olib kelinishi rejalashtirilgan. Nukus shahri ichidagi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha avtobuslar qatnovi yo‘lga quyiladi.

Qoraqalpog’iston axborot agentligi