Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi

188

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti tomonidan 2026/2027-o‘quv yili uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazish bo‘yicha joriy yilning 7-16 iyul kunlari oralig’ida maxsus jadval tasdiqlanib, ushbu jadvalga muvofiq, bugun 7 iyul kuni Jismoniy madaniyat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.

Imtihonlar Nukus shahridagi 1-sonli sport maktabida, ertalabki soat 06:00 dan boshlab tashkil etildi. Ushbu imtihonlarda abiturientlarning jismoniy tayyorgarligi, sport ko‘nikmalari va tanlangan yo‘nalish bo‘yicha malakasi maxsus mezonlar asosida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladigan joylarda abiturientlar va ularning ota-onalari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Sport maktabi hududida kutish zonalari, ichimlik suvi, tibbiy xizmat tashkil qilinib, zarur ma’lumotlar bilan ta’minlangan. Imtihonlarning shaffofligi va adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida imtihon o‘tkaziladigan barcha joylar zamonaviy kuzatuv kameralari bilan jihozlangan.

Shu bilan birga, kasbiy (ijodiy) imtihonlarni internet orqali onlayn rejimda to‘g’ridan-to‘g’ri kuzatish imkoniyati ham yo‘lga qo‘yildi. Bu esa ota-onalar va keng jamoatchilikka imtihonlar jarayonini bevosita ko‘rish, ularning shaffof va adolatli o‘tishiga ishonch hosil qilish imkonini bermoqda.

Universitetda kasbiy (ijodiy) imtihonlarni yuqori darajada, ochiq va shaffof tarzda o‘tkazishga katta e’tibor qaratilmoqda. Har bir abiturientga teng imkoniyatlar yaratilgan bo‘lib, ular o‘z bilim va qobiliyatlarini bemalol namoyish etishi mumkin.

Qoraqalpog’iston axborot agentligi