Suv tejovchi texnologiyalar yuqori hosildorlikning eng samarali usuli

«Agro – innovatsiya» rukni
Mamlakatimizda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligida suv sarfini qisqartirish va suv tejovchi texnologiyalarni ommalashtirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 yanvardagi “Quyi bo‘g’inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g’risida”gi qarori sohada yangi bosqichni boshlab berdi. Unda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va fermerlarni bu jarayonga faol jalb etish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Aynan shu vazifalar ijrosi doirasida Qoraqalpog’iston Respublikasida ham suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda respublikada jami 44 ming 183 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan. Dastur doirasida 4 ming 680 gektar er maydonini ko‘chma egiluvchan quvurlar orqali sug’orish belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar 51 ming 849 gektar maydonda ushbu texnologiya amaliyotga joriy etildi. Shuningdek, 7 ming gektar maydonni tomchilatib va yomg’irlatib sug’orish, 560 gektarini esa diskret, 2 ming gektardan ortiq maydonni plyonka to‘shash va 33 ming gektar maydonni lazer tekislash texnologiyasini joriy qilish orqali suvni tejash rejalashtirilgan.

Respublikamizda fermer xo‘jaliklari tomonidan ko‘chma egiluvchan quvurlarni xarid qilish va joriy etish ishlari izchil davom etmoqda. Hozirgacha jami 260 komplekt ko‘chma egiluvchan quvur uchun shartnomalar imzolangani bu texnologiyaga qiziqish va ehtiyoj yuqori ekanligini ko‘rsatadi.
Hududlar kesimida olib qaralganda, To‘rtko‘l tumaniga 24 komplekt, Amudaryo tumaniga 26 komplekt, Ellikqal’a tumaniga 21 komplekt, Xo‘jayli tumaniga 20 komplekt, Taxiatosh tumaniga 14 komplekt, Sho‘manoy va Chimboy tumanlariga 17 komplekt, Kegeyli tumaniga 13 komplekt, Qonliko‘l, Qo‘ng’irot va Nukus tumanlariga 10 komplektdan va boshqa tumanlarga ham ehtiyojga qarab ko‘chma egiluvchan quvur etkazib berildi.
Ushbu vositalar mahalliy sanoat korxonalari – “Bexruz – Imanali”, “Drip irrigation world”, “Iskandarning orzulari”, “PM-Ravon” “Asian plastic products”, “Rustam plasteks” MChJlar va “Jizzaxplastmassa” korxonasi bilan hamkorlikda etkazib berilmoqda. Bu esa suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bilan birga mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga ham xizmat qilmoqda.
Beruniy tumani tajribasi mazkur yondashuvning amaliy natijalarini yaqqol namoyon etmoqda. Bu erda suv resurslaridan oqilona foydalanish va sug’orish samaradorligini oshirish maqsadida bir qator fermer xo‘jaliklarida ko‘chma egiluvchan quvurlardan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan.

– Respublikamizda suv tanqisligining oldini olish maqsadida suv tejash texnologiyalarini joriy qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Beruniy tumani «Suv etkazib berish xizmati» davlat muassasasi direktorining o‘rinbosari Ergash Erkaboev. – Jumladan, Beruniy tumanida 400 gektar paxta maydoni va 60 gektar bog’larda tomchilatib sug’orish texnologiyasidan, 300 gektar maydonlarda esa jami 7 ta fermer xo‘jalik tomonidan egiluvchan quvurlardan samarali foydalanilmoqda.
– Mening fermer xo‘jaligim paxta-g’allaga ixtisoslashgan. Bu yil 20 gektar maydonga egiluvchan quvur oldik, – deydi Do‘stlik OFY da joylashgan «Javohir – Begzod» fermer xo‘jaligi rahbari Ilham Tadjiev. – Egiluvchan quvurlar orqali suvni tejashdan tashqari sug’orish jarayonlarida inson faktorining kamayishiga erishildi. Bu yangi texnologiyani qo‘llash suvni 30 foizgacha tejab, ildizga bevosita ozuqa berish orqali hosildorlikni 60 tsentnergacha oshirish niyatidamiz. Erlarimiz yuz foiz lazer qilingangani bois egiluvchan quvurlardagi suv erlarimizga bir tekis etib bormoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, egiluvchan quvurlarning asosiy afzalligi suvni to‘g’ridan-to‘g’ri dalaning kerakli nuqtasiga etkazib berishda namoyon bo‘ladi. Natijada suvning erga singib ketishi yoki ariqlar orqali yo‘qotilishi keskin kamayadi. Bu esa suvdan foydalanish koeffitsientini oshirish bilan birga, sug’orish jarayonining sifatini ham yaxshilaydi.
Yana bir muhim jihat – ekinlarning bir me’yorda suv bilan ta’minlanishi hisoblanadi. Ayniqsa, paxta kabi suv tartibiga talabchan ekinlarda bu omil hosildorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois egiluvchan quvurlar nafaqat suv tejash, balki yuqori hosil olishning ham muhim vositasi sifatida qaralmoqda.
Eng muhimi, bunday texnologiyalarning keng joriy etilishi suv tanqisligi sharoitida ham qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining barqarorligini ta’minlash, er va suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi.
M.Pirnazarova,
Qoraqalpog’iston axborot agentligi