Yaponiyaning nufuzli kompaniyalaridan biri universitetda

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “KJC” Qoraqalpog’iston Yaponiya xalq ta’limi markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan yapon tili va kasb-hunarga o‘qitish markazi o‘z ishini muvaffaqiyatli davom ettirmoqda.

Universitetda Yaponiyaning nufuzli “Koutaru Kai – Joho Bencha” kompaniyasi direktori Kai Koutaro va kompaniya mutaxassislari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mehmonlarni universitet rektori Berdiyor Jollibekov qabul qilib, ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Shundan so‘ng, tomonlar joriy yilning avgust oyining dastlabki o‘n kunligida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “KJC” madaniyat festivalini o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Mazkur festival doirasida yapon madaniyati, urf-odatlari, ta’lim tizimi va zamonaviy texnologiyalari bilan yaqindan tanishtiradigan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Ushbu hamkorlik universitetning xalqaro aloqalarini mustahkamlash, talabalarga yangi ta’lim va kasbiy imkoniyatlar yaratish hamda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Qoraqalpog’iston axborot agentligi